Nega bir tilda gaplashmaymiz?
“Nega insonlar bir tilda gaplashmaydi?” Bu savol sizga ham qiziqmi? Keling, bu haqdagi faktlarni o‘rganamiz.
Til bizga fikrlarimiz, gʻoyalarimiz, his-tuygʻularimiz va niyatlarimizni boshqalar bilan baham koʻrish imkonini beradigan eng kerakli, muhim qurol. Ming yillar davomida odamlar tovushlarga maʼlum maʼno berish uchun turli xil usullarni, belgilarni yaratishgan va shu orqali atrofdagilarga nima demoqchiligini tushuntirgan.
Insonlar uzoq vaqtlardan beri turli tillar orqali gaplashish mavjudligi sababidan hayron boʻlib kelishgan. Qadim zamonlarda odamlar bunga javob topish uchun taxminlar qilishgan yoki turli hikoyalar oʻylab topishgan.
Tilshunoslar bu savolga ilmiy javob topishga koʻp bora harakat qilishgan va oxiri shunday fikrda toʻxtashgan: “Aslida tilning aniq qayerdan kelib chiqish sabablarini toʻliq bilish imkonsiz, lekin turli tillar qanday paydo boʻlishi va qanday oʻzgarishi haqida yetarlicha yaxshi tasavvurga egamiz.”
Ilmiy maʼlumotlarga koʻra, tillarning turlicha shakllanishi va insonlar nega har xil tilda gaplashishi haqida yetarlicha asoslar va dalillar mavjud.
Xoʻsh, dastlabki belgilari qanday boʻlgan?
Geografik ajralish – bu insonlarning yashash hududiga bogʻliq. Yaʼni, agar insonlar bir hududda yashasa, ular odatda bir tilda gaplashadi. Ammo turli hududlarga koʻchib ketishi yoki togʻlar, daryolar, dengizlar ortida yashagan insonlar boshqa manzildagilar bilan muloqot qilish imkoniyatini yoʻqotishi natijasida asta-sekin tillardagi ohanglar oʻzgaradi va tillar bir-biridan farq qila boshlaydi.
Tarixiy davr va ijtimoiy ehtiyojlar – urushlar va koʻchishlar oqibatida insonlar qabila, yaʼni toʻda shaklda yangi guruhlarga ajralib, oʻz tillarini oʻzlariga moslashtiradi. Uzoq vaqt davomida birga yashamagan guruhlar tillarini bir-biriga moslashtira olmaydi, shuning uchun bitta tildan bir nechta yangi tillar paydo boʻladi.
Madaniyat va urf-odat – har bir millat yoki inson oʻz urf-odatlari orqali tilini aks ettiradi. Shu sababli, hatto bir mamlakatda yashayotgan insonlarning tili yoki ohangi (shevasi) bir-biridan farq qiladi.
Bugungi davr tillari
Tarixdagi ushbu sabablar natijasida bugungi kunda dunyo boʻylab 7 ming 170 ta til qoʻllaniladi. Bu raqamlar doimiy ravishda oʻzgarib turadi, chunki insonlar har kuni dunyo tillari haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlmoqda va ularni oʻrganmoqda. Bu tillarning faqat bir qismi (359 tasi) ommalashgan boʻlib, millionlab odamlar tomonidan ishlatiladi. Ular orasida xitoy, ingliz, ispan va hind tillari bor. Bu tillarda gaplashadiganlar dunyo boʻyicha koʻpchilikni tashkil qiladi. Albatta, yuqorida aytganimizdek, tillarning oʻzi ham oʻzgarib turadi. Yaʼni, inson ehtiyojlari va tez oʻzgarib borayotgan dunyo yangi soʻzlarning toʻgʻilishiga sabab boʻladi.

2025-yilgi soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, dunyodagi eng katta 20 ta til jami 3,7 milliarddan ortiq odamning ona tili hisoblanadi. Bu dunyo tillarining atigi 0,3 foizini tashkil qiladi. Ikkinchi va uchinchi til sifatida oʻrgangan soʻzlashuvchilarni hisobga olganda, ingliz tili dunyodagi eng keng tarqalgan til hisoblanadi. Agar faqat ona tilida soʻzlashuvchilarni inobatga olsak, dunyodagi eng koʻp oʻz tilida soʻzlashuvchilarga ega til xitoy tilidir. Ammo ona tili va ikkinchi til sifatida soʻzlashuvchilarni hisoblasak, ingliz tili eng keng tarqalgan til boʻlib kelmoqda.
Global yoʻqolib ketish xavfi ostidagi tillar
Dunyo boʻylab 7 ming 168 ta tirik tildan 3078 tasi hozirda yoʻqolib ketish xavfi ostida. Tilshunos mutaxassislar ogohlantirishicha, agar hech qanday choralar koʻrilmasa, ularning 100 tasi bir necha oʻn yilliklar ichida yoʻq boʻlib ketishi mumkin. Darhaqiqat, ushbu hayratlanarli raqamlar ortida tili yoʻqolib borayotgan xalqlarning gapirish, yozish va oʻz fikrini erkin ifoda etish huquqlari ham xavf ostida qolmoqda. Bu juda achinarli holat. Bu kabi tillarning 80 foizi (2484 tasi) atigi 25 ta mamlakatda mavjud. Ulardan eng koʻp yaxshi saqlanib qolgan hududlar – Indoneziya (425), Papua-Yangi Gvineya (312), Avstraliya (190) va AQSH hududlaridir. Agar ushbu Top-25 mamlakat hukumatlari oʻz hududlaridagi mahalliy tillarni himoya qilish uchun faol choralar koʻrsa, 100 yoki hatto 1000 ta tilni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish mumkin. Bu esa insoniyatning madaniy boyligi va erkinligini asrashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, insonlarning turli tillarda gaplashishi – bu tarixiy, geografik va madaniy omillarning natijasi. Tillar insoniyatning boy merosi boʻlib, ular orqali har bir xalqning tarixi, urf-odati va dunyoqarashi aks etadi. Bugungi globallashuv davrida ayrim tillar keng tarqalib borayotgan boʻlsa-da, koʻplab kichik tillar yoʻqolishi ham mumkin. Shuning uchun tillarni asrab-avaylash va ularni keyingi avlodlarga yetkazish har bir jamiyatning muhim vazifalaridan biri.
Mehribonu TOʻLQINOVA,
OʻzA