Neft narxining oshishi Rossiyaga har kuni 150 mln dollar foyda keltirmoqda (+video)
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi tufayli neft narxi keskin oshdi. Bu esa Rossiya byudjetiga qo‘shimcha daromad keltirmoqda, deb xabar berdi DW nashri.
The Financial Times gazetasiga ko‘ra, dunyoda neft narxining oshishi tufayli Rossiya byudjeti har kuni, taxminan 150 mln dollar qo‘shimcha daromad olmoqda. Tahlilchilarning baholashicha, mart oyining oxirigacha Rossiya umumiy 5 mlrd dollargacha qo‘shimcha daromad ko‘radi.
Tahlilchi Sumit Ritoliy Rossiyani “Yaqin Sharqdagi urushning asosiy g‘olibi” deb atagan. Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev The Financial Times nashridagi maqolaga fikr bildirar ekan, negadir bu vaziyatni tarixdagi eng yirik energetika inqirozining boshlanishi, deb aytgan.
Maqola chop etilganidan so‘ng AQSH Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha yumshatgan, ya’ni neft va neft mahsulotlari 12 -martga qadar tankerlarga yuklangan bo‘lsa, ularni yetkazishga ruxsat berildi.
Tahliliy markaz ma’lumotlariga ko‘ra, 6-martga qadar tankerlarda taxminan 130 mln barrel Rossiya nefti bor edi va sanksiyalar sababli uning katta qismi yo‘lda qolib ketgan edi. AQSH sanksiyalarni yumshatishi natijasida taxminan 100 mln barrel neftni sotish imkoni paydo bo‘ldi.
AQSH Rossiya neftini sotishga ruxsat berganiga qaramay, energetika bozorida vaziyat hali ham keskinligicha qolmoqda. Eronga qarshi urush boshlanganidan keyin narxlar 40%dan ortiq oshdi.
Neft bozoridagi keskinlikni yumshatish uchun AQSH Energetika vazirligi 11- martda strategik zaxiradan 172 mln barrel neft chiqarishini e’lon qildi. Xalqaro energetika agentligiga a’zo 32 davlat birgalikda jami 400 mln barrel bozorga qo‘shdi.
Biroq tahlilchilar bu choralarni samarali deb hisoblamaydi. Ularning fikriga ko‘ra bu qisqa muddatli yechimlar muammoni hal qilmaydi.
Aniqrog‘i, Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat yaxshilanmas ekan, nafaqat yoqilg‘i narxlarining oshishiga, balki boshqa sohalarga ham jiddiy ta’sirini ko‘rsatadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zVni3F5sttM" title="Neft narxining oshishi Rossiyaga har kuni 150 mln dollar foyda keltirmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA