Neft gigantlari daromadi ortmoqda
Yaqin Sharqdagi urush neft bozorida keskin o‘zgarishga sabab bo‘ldi. Keskinlik ortidan "Brent" nefti narxi 100 dollardan oshib, yirik neft va gaz kompaniyalari sof foydasi keskin ko‘paydi. Shu bois ekologik tashkilotlar va ayrim tahlilchilar favqulodda daromad solig‘i joriy etish masalasini kun tartibiga olib chiqmoqda.
Mutaxassislar ayni holatning asosiy sababi Hurmuz bo‘g‘ozidagi xavfsizlik muammosi ekanini ta’kidlamoqda. Ma’lumki, dunyo neftining qariyb 20 foizi aynan shu yo‘lak orqali tashiladi. Savdo kemalariga qilinayotgan hujum va mintaqadagi harbiy harakat ta’minot zanjiriga xavf solmoqda.
Narxni barqarorlashtirish maqsadida Xalqaro energetika agentligiga a’zo 32 davlat strategik zaxiradan 400 million barrel neft chiqarishga kelishdi. Binobarin, rekord ko‘rsatkich hisoblanadigan bu hajm yer yuzi bo‘ylab jami iste’molning taxminan bor-yo‘g‘i to‘rt kunlik ehtiyojiga teng.
Tadqiqotga ko‘ra, neft ayni sharoitda Yevropa iqtisodiyoti har kuni taxminan 150 million yevro qo‘shimcha xarajat qilishga majbur bo‘lyapti. 2022-yil shunday holat kuzatilganda Yevropa mamlakatlari yonilg‘i uchun 55 milliard yevro ortiqcha sarflagan edi.
Ekologik tashkilotlar G7 davlatlarini neft va gaz kompaniyalarining favqulodda daromadiga qo‘shimcha soliq joriy etishga chaqirmoqda. Mazkur mablag‘ni aholi xarajatini qoplash va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishni tezlashtirish uchun yo‘naltirish kerakligi ta’kidlangan.
Musulmon Ziyo, O‘zA