Navro‘zi olam – sharqona yangi yil, aziz va suyukli milliy bayramdir
«Navro‘z» bayramiga ham sanoqli kunlar qoldi. O‘lkamizning barcha go‘shalarida Navro‘z bayrami keng nishonlanishi odatga, xalq sayliga aylangan.
Zero, uch ming yildan ziyod tarixga ega bo‘lgan Navro‘zi olam – sharqona yangi yil o‘zining yangilanish, bahor nafasini boshlab kelishi, xalqimizning tabiati, ongu tafakkuri, qalbiga chuqur singib ketgani, har qaysi oila, har qaysi xonadonga shodu xurramlik olib kirishi bilan biz uchun eng qadrli, aziz va suyukli milliy bayramdir. Bu kunda yurtimizning har bir go‘shasida bahoriy taomlaru, turli milliy o‘yinlarga alohida urg‘u beriladi. Xususan, milliy taomlarimizdan sumalak, halim, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara kabilar bayram dasturxonining ko‘rkiga aylanadi. Ayniqsa, sumalak bazmlarining o‘zgacha gashti bor.
Navro‘z bayrami O‘rta Osiyoda islom dini qabul qilinmasdan ancha ilgariroq mavjud bo‘lgan. Navro‘z bayrami haqida Abu Rayhon Beruniyning «Kitob at taqvim» va «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarlarida ma’lumot beriladi. Mahmud Qoshg‘ariyning «Devoni lug‘otit turk» asarida bahorga va Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan xalq lirik qo‘shiqlaridan namunalar uchraydi. Umar Xayyomning «Navro‘znoma» kitobida Navro‘z bayrami haqida qimmatli ma’lumotlar bor.

Mazkur ma’lumotlarga ko‘ra, Sosoniy podsholari 6 kunda 6 toifa xalqni qabul etganlar va tortiqlar ulashganlar. Navro‘z kuni mahbuslarni ozod qilish an’anasi ham bo‘lgan. Umar Hayyomning «Navro‘znoma» kitobida yozishicha, bayramni o‘tkazishning shohlar uchun maxsus tartib qoidasi bo‘lgan. Uy-joylarni tozalash, ko‘kat va gullar bilan bezash, ota-ona, yaqin kishilar bilan diydorlashib kelish, marhumlar qabrlarini ziyorat qilish kabilar oddiy xalq orasida ham odat tusiga kirib qolgan.
Quvonarli tomoni shundaki, bugun ming yillik Navro‘z an’analari hali ham davom etmoqda. Jumladan, yurtimizda ham insonlarga e’tibor shu darajaga ko‘tarildiki, hatto jazo tizimini yengillashtirishga qaratilgan siyosat amalga oshmoqda. Shu bois, adashib jinoyat yo‘liga kirgan va sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni to‘g‘ri yo‘lga, oilasi bag‘riga qaytarish davlatimiz oldida turgan muhim masalalardan biriga aylandi. Zero, adashganlar ham shu mamlakat fuqarolaridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, vatandoshlarimiz, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga qaytarilgani haqiqiy insonparvarlikning namunasidir.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Navro‘zni xalqimiz qadim-qadimdan faqat yangi kun, yangi yil shodiyonasi sifatida nishonlash bilan cheklanib qolmagan. Bu kun kelgusi hayotning barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar, yangilanishlar va bunyodkorliklar uchun yangi davrning boshlanishi, deb qaralgan.
Yana bir quvonarli tomoni shundaki, o‘tgan yili yo‘lga qo‘yilgan tizimga muvofiq, 950 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj qiz oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingani katta voqeadir. Yillar o‘tib, bu 950 nafar ilmli qizlarimiz O‘zbekistonning yorug‘ istiqboliga o‘z hissasini qo‘shadi.
Oliy ma’lumotli bo‘lishni istagan, qobiliyati, bilimi bor, lekin taqdir taqozosi bilan orzusiga erisha olmagan xotin-qizlarni rag‘batlantirish tizimi joriy qilinib, ota-onasining biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning shartnoma to‘lovi hokimlik va oliy o‘quv yurti hisobidan qoplab beriladigan yangi tizim yaratilgani ayni muddao bo‘ldi.
O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari Kengash a’zosi bo‘lgan holda, bundan keyin insonparvarlik tamoyillariga sodiqligini namoyon etaveradi. Zero, qadimdan Navro‘z Sharq xalqlarining bahor bayrami sifatida 21 martdan boshlanib, bir necha kunlab davom etgan bo‘lsa, Yangi O‘zbekiston xalqi uchun xar kun Navro‘z bo‘ladi. Chunki yurtimizda uyi yo‘qqa boshpana berilsa, ishi yo‘qqa kasb-hunar o‘rgatilib, bandligi ta’minlansa, oilaviy, yoshlar va ayollar tadbirkorligi uchun imtiyoz va imkoniyat yaratilsa, sog‘lig‘ini tiklash uchun “yo‘l xarita”lariga ko‘ra, barchaga tibbiy yordam ko‘rsatilsa, ustoz va murabbiylarga faxr va hurmatda bo‘lsa, yo‘ldan adashganlarga kechirimlilik siyosati bilan imkon berilsa, bunday ezgu amallar uchun barchamiz shukrona keltiramiz.
Odatda, Navro‘z bayramidan 15 kun oldin bug‘doy yoki arpani undirishga qo‘yilgan va uning maysasidan sumalak tayyorlanayotganida lapar aytilgan, yoshlar navro‘zni kechasi bilan uxlamasdan ertak va hikoyalar aytishib, o‘yin-kulgu bilan kutib olishgan. Otchopar, uloq, kurash singari o‘yinlar, sayil o‘tkazilgan.
Yana bir quvonchlisi, Toshkentdagi Navro‘z bog‘i aynan xalqimizga munosib tuhfa bo‘lib, ushbu bayram nishonlanadigan bunday bog‘ birorta mamlakatda yo‘q. Shu jihatdan, Navro‘z qadriyatlari va mohiyatini anglashga qaratilgan bog‘ xalqimiz ma’naviy hayotidagi eng katta yangilik bo‘ldi.
Biz g‘urur bilan aytamizki, bizning O‘zbekistonga va xalqimizga faqat Navro‘z yarashar....
Firuza MUHIDDINOVA,
TDYUU professori.
O‘zA