Navro‘z qamoqxonalar eshigini ham chertdi
Yurtimizda bahor faslining eng go‘zal bayramlaridan biri Navro‘z ayyomi shukuhi hamon kezib yuribdi. Poytaxtdan tortib olis qishloqlar, hatto baland tog‘lar, kengliklarda kezgan bu shukuhdan yayramagan ko‘ngil, quvonmagan ko‘zlar bo‘lmasa kerak.
Ezgulik ayyomi nomini olgan Navro‘z qush uchib kirishga hayiqadigan, xalq tilida “qora panjara”, qamoqxona deb ataladigan maskanlar – jazoni ijro etish muassasalari eshigini ham chertdi. Bunday maskanlarda saqlanayotgan, bir qatra nurga tashna dillarga ham u yorug‘lik olib kirdi.

Darhaqiqat, Navro‘z aynan shu jihati bilan ham boshqa bayramlardan tubdan farq qiladi. Zotan, bu bayramda uyg‘onayotgan tabiat simfoniyasiga hamohang tarzda qalblarimizda mehr-muruvvat jo‘sh uradi. Tansiq bahoriy taomlar tayyorlash bilan bir qatorda, atrof-muhitni poklash, ko‘kalamzorlashtirish barobarida shikasta ko‘ngillarni obod etishga urg‘u kuchaytiriladi.
Turli jinoyatlarga qo‘l urib, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar, istaymizmi-yo‘qmi, jamiyatimizning bir bo‘lagi. Ular ham kimningdir jigargo‘shasi, sog‘inib kutayotgan otasi, onasidir. Albatta, har biri qilmishiga yarasha jazosini olgan va buning achchiq ta’mini totib yuribdi. Biroq, ular ham inson. Shu ma’noda qamoqxonalarda o‘tkazilgan bayram tadbirlarini yuksak insoniylik namunasi, deb atasak to‘g‘ri bo‘ladi.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tasarrufidagi jazoni ijro etish muassasalarida bayram munosabati bilan madaniy-ma’rifiy kechalar, “Zakovat” intellektual o‘yini, kitobxonlik va boshqa tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasida Navro‘z bayrami ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi. Maxsus kontingentlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirga Bo‘stonliq tumani madaniyat bo‘limi xonandasi Javohir Mansurov hamda yosh estrada xonandasi Sherzod Shorahmedovlar tashrif buyurib, mahkumlar e’tiboriga bayramona musiqiy chiqishlar havola etildi. Koloniya badiiy havaskorlik jamoasi tomonidan ham qiziqarli sahna ko‘rinishlari taqdim etildi. Mahkumlar o‘rtasida viktorina o‘yinlari tashkil etildi.
Mazkur maskanda tarbiyaviy ishlarni samarali va izchil tashkil etish, mahkumlarning ma’naviy-axloqiy saviyasini oshirish, ularning jazo muddatini o‘tab, ozod bo‘lganidan so‘ng ijtimoiy hayotga moslashishi hamda qayta jinoyat sodir etishlarining oldini olish bo‘yicha Chirchiq shahar Yoshlar ishlar agentligi bilan hamkorlikda tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar va «Zakovat» intellektual o‘yini ham tashkil etildi. Unda mahkumlardan iborat beshta jamoa bellashdi. G‘olib jamoa esdalik sovg‘alari, kitoblar bilan taqdirlandi.
9-sonli tergov hibsxonasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga nisbatan umumxalq Navro‘z bayrami munosabati bilan rag‘batlantirish hamda tuzalish yo‘liga o‘tganligini aniqlash mezonlari bo‘yicha komissiya yig‘ilishi tashkil etildi.
21-son jazoni ijro etish koloniyasida esa "Olam nurga to‘lsin, sen bilan Navro‘z!" shiori ostida mahkumalar ishtirokida madaniy-ma’rifiy konsert tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlar va san’atkorlar tashrif buyurdi.
4-son jazoni ijro etish koloniyasida Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati kengashi a’zolari bilan birgalikda psixologik trening va mahkumlar o‘qigan kitoblari bo‘yicha kitobxonlik kechasi o‘tkazildi. Tadbirda mahkumlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
Bunday bayram tadbirlari barcha jazoni ijro etish muassasalarida o‘tkazildi. Bu xayrli tadbirlar mahkumlar, mahkumalarning dillariga ezgulik urug‘ini qadagan bo‘lsa, ne ajab.
Norgul Abduraimova, O‘zA