Navroʻz Navoiy taʼrifida
Navroʻzing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon Oʻzbekistonim!
Navroʻzing – yangi kun, yangi davroning
muborak, jonajon Oʻzbekistonim!
Koʻyunga har kun borib har dam koʻray dermen seni,
Menga har kun bayramu har lahza Navroʻze kerak.
Alisher Navoiy.
Asrlar davomida Navroʻz xalqimiz hayotidagi eng muhim kun hisoblangan. Kun va tun teng boʻlgan ayyomda bayram qilinadigan Navroʻzda hamma xursand, shod va baxtiyor boʻladi. Qadimdan bayramlar (maʼlum vaqtda takrorlanib turgani uchun) oʻziga xos vaqt oʻlchovi hisoblangan. Shu jumladan, Navroʻz ham vaqt oʻlchovi sifatida xizmat qilgan, boshqacha qilib aytganda, Navroʻz vaqtni chuqur his qilish, umr qadriga yetish uchun sharoit yaratgan. Navroʻz hayotning eng yaxshi tomonlarini aks ettiradigan koʻzgu boʻlib xizmat qilgan. Bu bayram jismoniy va aqliy mehnatdan ozodlik hamda turli majburiyatlardan erkinlik kuni hisoblanib, odamlar kundalik ish, vazifa, burch, tashvishlardan ozod boʻlishgan. Navroʻz kunida tenglik hukm surgan – hamma bir qozondan ovqat yeb, birgalikda sayilgohlarga chiqib, sayr qilishgan. Navroʻz kunida vujudga kelgan ruhiy koʻtarinkilik kishilarni ertangi kuniga umid bogʻlashga, kelajakka ishonch bilan qarashga, hayotni yana-da goʻzal qilishga undagan.
Ajam xalqlarining bir necha mingyillik bayrami hisoblanmish Navroʻz arab xalifaligining dastlabki bosqichida man qilingan boʻlsa-da, keyinchalik xalqning irodasiga koʻra bu bayramni nishonlash yana rasmiy tus olgan. Ummaviy va abbosiy xalifaliklari davridagi Bashshor ibn Burd, al-Johiz, Abunuvos kabi mumtoz arab shoirlari Navroʻz haqidagi sheʼrlarida navroʻziy taomlar, sayillar va boshqa xalqona udumlarni vasf etishgan. “Nihoyat ul-arab fi funun il-adab” muallifi Shahobiddin an-Nuvayriy (12-asr) Navroʻzni bayram qilish anʼanasini Hazrat Ali zamoniga bogʻlab tushuntirishga harakat qilgan. Hakim Termiziy, Beruniy, Umar Hayyom kabi olim va mutafakkirlar Navroʻz tarixi va uning xosiyati haqida oʻz asarlarida keng va atroflicha maʼlumot berishgan.
Moʻgʻullar davrida boshqa diniy va milliy qadriyatlarimiz qatori oyoqosti boʻlgan Navroʻzni bayram qilish anʼanasi temuriylar davrida qayta tiklanib, turli sayil va tomoshalar oʻtkazilgan. Jumladan, Alisher Navoiy ham milliy qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan, yangilanish va yaxshilanish debochasi, xalqni birdamlik va halol kasb orqali kun kechirish gʻoyasining ifodasi boʻlmish Navroʻzni oʻz gʻazallarida qadr kechasidek muborak va xosiyatli kun, deb taʼriflaydi:
Zulfu ruxsor ila komimgʻa meni yetkursang,
Har tunung qadr oʻlubon, har kunung oʻlsun Navroʻz.
Shuningdek, 1489-yilda Navroʻz bayrami va Ramazon hayiti bir kunga toʻgʻri kelganini “Favoyid ul-kibar” devonining 420-gʻazalida quyidagicha tavsiflagan:
Muvofiq kiydilar, boʻlmish magar Navroʻz ila bayram,
Chaman sarvi yoshil xilʼat, mening sarvi ravonim ham.
Gʻazal boshdan-oyoq bahor faslida yashnab, odamlarning koʻziga nur va qalbiga surur bagʻishlovchi sarv daraxti hamda ruhiyat olamini koʻklamdek yashnatguvchi sarvqomat dilbarning qiyosi asosida qurilgan. Bahorning hayotbaxsh nasimidan uygʻonib, bogʻbonning hayratiga bois boʻlgan daraxtlarning jilvasi bayram bahonasida yashil rangdagi kiyimi bilan olam ahlini oʻziga maftunu mahliyo aylagan parizodning xiromi bayram ustiga bayramdek boʻlib, vujud va ruhning yayrashi, yashnashiga bois boʻladi. Ikki bayram – Navroʻz va hayit bir kunga toʻgʻri kelishini Navoiy yaxshilikka yoʻyib, milliy va diniy qadriyatlar oʻz mohiyatiga koʻra bir-birini inkor etmasdan, aksincha, mazmunan bir-birini boyitishi, asl qadriyatlar kishilarni birdamlik va ahillik ruhida tarbiyalashini ushbu zamoniy muvofiqlik misolida shoirona talqin etgan.
Keyingi baytlarda tazod va muqobala, istiora va tashbeh, tashxis va tavsif kabi badiiy sanʼatlar yordamida bogʻdagi sarv va xushqomat yorning tasviri beriladi: sarv daraxti bahor nasimidan meva tugmasdan, behosil umri xavfidan tebranib turgan paytda, dilbarlikni fan qilgan goʻzallik mazharining shamoldek yeladigan uchqur, qora oti ustida sayrga chiqishi; sarv daraxti shoxiga qoʻnib, gul shavqida sayrayotgan bulbul bilan yuzi qizarib, terlari shabnamdek tovlanib turgan gulruxsor nigor tavsifi koʻngilga xushnudlik, farah olib kiradi. Bu satrlar oʻqigan kishiga beixtiyor bahoriy kayfiyat, koʻtarinkilik baxsh etadi:
Chaman sarvi qolib bebar, mening sarvim boʻlub dilbar,
Ani yel aylabon muztar, bu yeldin sekretib adham.
Qoʻnub ul sarv uza bulbul, chekib gul shavqidin gʻulgʻul,
Bu sarv uzra ochilib gul, anga terdin tushub shabnam.
Ramzlar tilida sarv – ruhiy hurriyat, istigʻno va hojatsizlik, vahdoniyat olamining timsoli, sabo – Sharq tomondan esadigan tonggi yoqimli va salqin shamol. Sabo tong chogʻi, koʻklam va yoz fasllarida esib, dov-daraxtlar va gulu giyohlarni qishki uyqudan uygʻotadi va gullarning changlanib, daraxtlar meva tugishiga muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Irfoniy adabiyotlarda u rahmoniy nafasga nisbat berilib, xayrga bois boʻlishi aytiladi. Xususan, sabo bilan oshiqlarning tong chogʻida chekkan ohlari oʻrtasida bogʻliqlik mavjud: oriflar tong chogʻida ishqqa toʻlgan koʻngildan chiqqan ohlar Haq taolo dargohiga yetib boradi, deb hisoblaydilar. Bu haqda mashhur orif Shayx Abu Bakr Kattoniy shunday deydi: “Alloh taoloning bir yeli bor – tong chogʻida esgay. U yel oshiqlarning ohu nolishini eshitgay, Arshga olib chiqqay, undan Hazrati Parvardigorga yetkazgay”. Shoirning koʻngil mulkidan chiqqan ohi sabosidan beparvo Yori azalning unga inoyat va marhamat nazari bilan qaramasligi oshiq koʻnglida ishq gʻalayoni va talab sidqini yana-da kuchaytiradi. Bogʻdagi sarv shamol tebranishidan har zamonda yerga qarab enkayishini tamsil qilgan shoir bir lahza boʻlsa-da, yoʻlida nigoron, tuproqdek xoksor oshiqning holiga nazar solishiga umid bogʻlaydi. Ana shu baytdan boshlab majoziy muhabbat haqiqiy ishqqa yetkazuvchi koʻprik sifatida talqin qilinadi:
Qilib ohim sari parvo, buyon mayl etmading qatʼo,
Sabodin, ey qadi raʼno, boʻlur ham sarv gah-gah xam.
Keyingi bayt esa yuqoridagi baytning mantiqiy davomi boʻlib, unda shoir soqiyga murojaat qilib, gul fasli va gulyuzlar davroni oʻtkinchi ekanligini taʼkidlab, ogohlik va maʼrifat keltiruvchi, mushtoqlikni ziyoda etuvchi maydan sipqorishni istaydi. Bu bilan shoir yaxshi kunlarni gʻanimat deb bilish, shodlik va xursandchilik, visol va diydor onlaridan shukronalik hissini tuyish, bayram kunlarida vaqtni sarhisob qilib, oydin kelajakni bugundan qurish lozimligini taʼkidlaydi. Bunga esa faqat ogohlik, maʼrifat va ishtiyoq bilan yetishmoq mumkin:
Bu bogʻ ichra may, ey soqiyki, bormen asru mushtoqi
Ki, anda sarv ham boqiy emas, gul ahdi ham mahkam.
Gʻazal maqtaʼida Navoiy hurramlik va saodatni yor koʻyi va visolida ekanligini, bogʻu boʻston sayri va ochilgan gullar tomoshasi oshiq koʻnglini shod etolmasligini taʼkidlaydi. Bu, birinchidan, oshiqlik maslagining bayonnomasi boʻlsa, ikkinchi tomondan, inson – eng mukarram zot, tabiat gultoji, har qanday bayram faqat yaqin va aziz insonlar bilan bayram boʻlishi mumkinligining shoirona ifodasidir. Shu sababli, shoir navroʻziy gʻazalini doʻst diydori tilagi bilan tugallaydi:
Navoiy, koʻyin et manzil, yuzu qaddigʻa boʻl moyil
Ki, bogʻ etmas seni xushdil, gulu sarv aylamas xurram.
Olimjon DAVLATOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori.