“Navoiyuran”da matbuot anjumani o‘tkazildi
“ Navoiyuran ” davlat korxonasida korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens tizimini takomillashtirish, geologiya-qidiruv, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligini ta’minlash, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar murojaati bilan ishlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbir davomida mazkur yo‘nalishlardagi asosiy vazifalar, amalga oshirilgan ishlar va amaliy natijalar haqida mas’ul rahbarlar tomonidan batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, Komplayens xizmati boshlig‘i Alisher Mustafoyev jamoada korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va faoliyatda shaffoflikni ta’minlash borasida qilinayotgan ishlar haqida axborot berdi.
Joriy yil faoliyatning 240 funksiyasi korrupsiyaviy xavf nuqtai nazaridan tahlil qilingan. 790 ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyasi ko‘rib chiqilgan.
Geologiya va qidiruv bo‘yicha direktor Sherali Jo‘rayev tegishli faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot taqdim etdi.

Matbuot anjumanida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Mehnat muhofazasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ‒ mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi xizmati boshlig‘i Kamoljon O‘roqov xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoiti yaratish, ishlab chiqarish jarayonida baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda mehnat muhofazasi talabiga qat’iy rioya etilishini ta’minlash borasida so‘z yuritdi.
Shuningdek, Jismoniy va yuridik shaxslar murojaati bilan ishlash xizmati boshlig‘i Odil Sharopov o‘z yo‘nalishida 2026-yil sakkiz oyi yakuni bo‘yicha ma’lumot berdi.

Darhaqiqat, fuqarolar bilan muloqotda aniq ko‘rsatkichlar qayd etilgan. Yanvar-avgust oylarida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 554 murojaatning 511 tasi qanoatlantirilgan. Fuqarolar bilan bevosita munosabatni ta’minlash maqsadida 9-marta onlayn-muloqot tashkil etilgan.
Tadbirning ikkinchi qismida ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga korxonaning tegishli mas’ul rahbarlari aniq ma’lumotlar asosida javob berdi.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, “Navoiyuran” DKda korrupsiya xavfini boshqarish, fuqarolar murojaatini vaqtida ko‘rib chiqish, ochiq muloqot tizimini rivojlantirish va xavfsiz mehnat sharoiti bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA