Navoiyga ehtirom tadbiri davom etmoqda
Farg‘ona shahri markazidagi Alisher Navoiy xiyobonida ulug‘ bobokalonimiz haykali poyida «Navoiyga ehtirom» tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat jamoatchilik vakillari, shoir va yozuvchilar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ochib berdi va mamlakatimizda ajdodlar ruhi hamda ijodiga bo‘lgan beqiyos hurmat, e’tibor haqida gapirib, Alisher Navoiy millat fidoyisi, tilimiz asoschilaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.
"Farg‘ona shahridagi shu muhtasham xiyobonni Navoiyxonlik maskaniga aylantiraylik, bu yerga kelganlar uchun wi-fi hududi tashkil etamiz va buyuk shoir ijodining elektron variantlarini yuklab olish, o‘qib-o‘rganishga barcha sharoit yaratamiz", dedi Xayrullo Bozorov.
Tadbirda so‘zga chiqqan olim, shoir, yosh ijodkorlar Navoiy merosining ahamiyati haqida so‘z yuritib, g‘azallarini o‘qishdi.
"Navoiy dahosining buyukligi shundaki, o‘sha XV asrda odamlarni ahil-inoqlikka chaqirgan. Demak, millat, xalq, davlat qudrati ahillik, birdamlikda. Shunday bo‘lsagina, Navoiy o‘gitlari ro‘yobga chiqqan bo‘ladi", dedi filologiya fanlari doktori, professor Siddiq Mo‘minov.
"O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa,
Aldangani, alla bo‘lgani shudir,
Ma’rifatdan ayro o‘ynasa, kulsa,
Aza chog‘i yalla bo‘lgani shudir, deb yozgan edi Erkin Vohidov.
Bu satrlardan ma’lum bo‘ladiki, Navoiyni o‘qish jamiyat uchun muhim, – deydi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Go‘zal Oxunova. – Alisher Navoiyga ustozi Abdurahmon Jomiy o‘z davrida «zamon va makon sohibi» deb ta’rif bergan edi. Olti asr narida yozilgan asarlarda bugungi kun nafasi, muammolari, ruhi bo‘y cho‘zib turibdi. Shuning uchun ham bu asarlar abadiylikka daxldor".
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/7Zead75xS8s" title="Navoiyga ehtirom tadbiri davom etmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Shundan so‘ng Alisher Navoiy yodgorligi gullarga burkandi. Farg‘onadagi barcha o‘quv yurtlari, mehnat jamoalarida Navoiyga ehtirom tadbiri davom etmoqda.
Muhammadjon Obidov