Navoiydan taralgan mangu navolar
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari saroyida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ijodiy jamoasi tomonidan buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiydan taralgan mangu navolar” mavzusida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda iste’dodli talaba-yoshlar tomonidan Alisher Navoiy g‘azallari kuyga solinib, mahorat bilan ijro etildi. Sahna ko‘rinishlarida shoirning hayoti hamda asarlaridan parchalar namoyish etildi. Bundan tashqari, dasturdan muhabbat va vatanparvarlik ruhidagi kuy va qo‘shiqlar hamda she’rlar o‘rin oldi.
[gallery-21651]
Shuningdek, tadbirda Alisher Navoiy o‘zbek adabiyotining eng buyuk shaxslaridan biri ekani, uning ijodi nafaqat adabiyot, balki san’at va madaniyatning ham rivojida beqiyos ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.
–Tadbirni tashkil etishdan maqsad Navoiyning hikmatlarini hayotimizga tatbiq etishga hissa qo‘shish, yoshlarni ustozlari bilan bir sahnaga olib chiqish orqali ularga ijodiy tajriba to‘plashlariga, institutda olayotgan bilim va ko‘nikmalarini amalda qo‘llashlariga imkoniyat yaratishdan iborat, –dedi institut rektori Nodirbek Sayfullayev.– Bugun ustozlari bilan bir qatorda ilk bor katta sahnaga qadam qo‘ygan iste’dodli talabalar, albatta, kelajakda el ardog‘idagi san’atkor bo‘lib yetishadi. Kelgusida bu kabi tadbirlarni ko‘proq o‘tkazish hamda qamrovini yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev(surat),
O‘zA