Navoiyda sifatsiz va muddati o‘tgan dori vositalari aniqlandi
Navoiy viloyatining Karmana tumanida yaroqlilik muddati o‘tgan hamda sifat talablariga javob bermaydigan dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Karmana tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Varq mahallasida yashovchi fuqarolar M.N. va M.A.ning xonadoni tekshirildi.
Tadbir davomida sotish maqsadida saqlangan umumiy qiymati 176,1 million so‘m bo‘lgan 37 turdagi 3 441 qadoq dori vositalari aniqlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning bir qismi yaroqlilik muddati o‘tgan bo‘lsa, yana bir qismi sifatsiz ekani ma’lum bo‘lgan.
Aniqlangan dori vositalari belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida olinib, ularning qonuniy kelib chiqishi va muomalaga kiritilish holatlari yuzasidan qo‘shimcha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276¹²-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri