Navoiyda narkolaboratoriya aniqlandi
Navoiy viloyati hududida olib borilgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari davomida narkolaboratoriya tashkil etish va giyohvandlik moddalarini sotishga oid bir nechta holat aniqlandi.
Navoiy shahar IIB tezkor-qidiruv xizmati hamda Davlat xavfsizligi xizmati Navoiy viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 2000-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan yigit 1,8 gramm gashish giyohvandlik moddasini 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Tezkor tadbir davomida ushbu giyohvandlik moddasini u 1999 va 2000-yillarda tug‘ilgan, Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi shaxslardan olgani aniqlandi.
Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari davomida mazkur ikki yigit yonida 8 ta ampulada gashish moyi va folga qog‘oziga o‘ralgan 6 gramm gashish giyohvandlik moddalari borligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, ular Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi bot orqali ta’minotchi sifatida faoliyat yuritgan. Ularning vazifasi shahar hududida giyohvandlik moddalarini mijoz bilan uchrashmagan holda egalariga yetkazishdan iborat bo‘lgan.

Jinoiy guruhning 2000-yilda tug‘ilgan a’zosi joriy yilning 4-yanvar kuni maxsus Telegram bot orqali guruhga qo‘shilib, giyohvandlik moddalarini qayta ishlash va tayyorlash bo‘yicha onlayn darslar orqali ko‘nikma hosil qilgan. U bot rahbarining ko‘rsatmalari asosida o‘z yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil etgan.
– Tadbir davomida ular tomonidan viloyat hududida giyohvandlik moddalari joylashtirilgan manzillar aniqlanib, ushbu joylarda 2 ta ampulada gashish moyi qoldirilgani ma’lum bo‘ldi, – deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov. – Shuningdek, holat yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari ularning yashash xonadonlarida davom ettirildi. Unda 34 dona izolenta bilan qadoqlangan gashish, jami 1 kg 477 gramm gashish hosilalari hamda qo‘lbola usulda tayyorlash va qadoqlash uchun ishlatiladigan buyumlar tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi. Jinoiy guruh shu kunga qadar 1000 dan ortiq manzilga giyohvandlik moddalarini joylashtirgan. Ular yana 1 milliard 220 million so‘mlik, ya’ni 2 kg 500 gramm gashish moddasini belgilangan manzillarga yetkazib berishni rejalashtirgan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, jinoiy guruhning qolgan a’zolarini aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri