Navoiyda “Kreativ tadbirkor yoshlar forumi” tashkil etildi
O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi tashabbusi bilan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida “Kreativ tadbirkor yoshlar forumi” bo‘lib o‘tdi.
Forumda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi mas’ul xodimi G‘ayratjon Turg‘unov, partiyaning Navoiy viloyat Kengashi raisi G‘ofur Aliyev, mahalliy Kengash deputatlari, universitet professor-o‘qituvchilari, tadbirkorlar, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka keng jalb etish hamda yangi avlod vakillari uchun munosib imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Forumda “Imkoniyatlar va ijod maydoni”da robototexnika namunalari, IT-loyihalar, startap maketlari va yangi ishlanmalar ko‘rgazmasi orqali yoshlar zamonaviy texnologiyalari va yangilik yaratishga bo‘lgan qiziqishi, izlanuvchanligini namoyish etdi.
Shuningdek, tadbirda yosh mo‘yqalam ustalari ham o‘z qobiliyatlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Ular ishtirokchilar ko‘z o‘ngida “Zamonaviy Navoiy viloyati – yoshlar nigohida” mavzusida rasmlar chizdi.

Forumda yoshlarning tadbirkorlik faoliyatiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularga biznesni boshlash va rivojlantirish sirlarini o‘rgatish maqsadida “Biznes-inkubator” tashkil etildi.
Unda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida yoshlar uchun amaliy va motivatsion mahorat darslari hamda muloqot o‘tkazildi.

Mazkur uchrashuvlarda yoshlar tadbirkorlarning hayotiy tajribalari bilan tanishdi. Biznes g‘oyalarni amalga oshirish, bozor talabini o‘rganish, to‘g‘ri qaror qabul qilish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish borasida qimmatli maslahatlar oldi.
Tadbir davomida stol tennisi bo‘yicha “O‘zLiDeP kubogi”ning Navoiy viloyati bosqichi ham o‘tkazildi. Shuningdek, yoshlar shaxmat musobaqasida o‘zaro kuch sinashdi.

Forumda xorijda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan yoshlar bilan onlayn muloqot tashkil etildi. Ushbu muloqot orqali yoshlar xorijda orttirayotgan tajriba, bilim va ko‘nikmalar, yangi imkoniyatlar haqida o‘zaro fikr almashdi.
Forum davomida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olib, o‘zing namunali xulqi va ta’lim jarayonlaridagi tashabbuskorligi bilan o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh talabalarga partiya faollari va deputatlar tashabbusi bilan bir martalik “O‘zLiDeP stipendiyasi” va tashakkurnomalar topshirildi.


Navoiyda tashkil etilgan “Kreativ tadbirkor yoshlar forumi” bilimli, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan yoshlarni bir maydonda birlashtirganligi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri