Navoiy viloyatining bosh nashri 40 yoshda
Navoiy viloyatining bosh nashri “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы” gazetalari tahririyati 40 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan Karmana tumanidagi “Istiqlol” tantanalar uyida adabiy-badiiy tadbir tashkil etildi. Unda dastlab viloyat hokimi o‘rinbosari Sa’dulla Mirzayev viloyat hokimining “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы” gazetalari tahririyati jamoasiga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tadbirda gazetaning erishgan yutuqlari, ijodiy jamoaning muvaffaqiyatlari, tahririyatning viloyat media maydonidagi o‘rni xususida batafsil ma’lumot berildi.
— “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы” gazetalari o‘tgan vaqt davomida qancha dovonlarni bosib o‘tdi va bugun ham u o‘zining ko‘p ming sonli muxlislari tomonidan sevib o‘qilmoqda, – deydi ushbu tahririyatda ko‘p yillar bosh muharrir lavozimida ishlagan faxriy jurnalist Ibrohim Jumayev. — O‘tgan davr mobaynida ushbu ijod koshonasida qanchalab yosh jurnalistlarning qalami charxlandi, qaynoq mehnat jarayonlari davomida qanchalab shoiru yozuvchilar, yosh dizaynerlar, texnik xodimlarning mahorati oshirildi. Men o‘zim ham bir necha yillar ushbu otaxon gazetaning bosh muharriri bo‘lib ishlaganimdan, viloyatimiz gazetalari rivojiga oz bo‘lsa-da o‘z hissamni qo‘shganimdan faxrlanaman.
Ta’kidlash joizki, “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы” gazetalari tashkil topganligining 40 yilligi yubileyi munosabati bilan “Qirqinchi bekat” kitobi nashrdan chiqarildi. Mazkur kitobga ushbu gazetalarning tashkil etilish tarixi, unda faoliyat olib borgan fidoyi, zahmatkash jurnalistlarning hayoti, shijoatli mehnati va gazetaning bugungi faoliyati to‘g‘risida ham ma’lumotlar kiritilgan.
— Kelgusida rejalarimiz katta, — deydi bosh muharrir Boboqand Umarov. — Gazeta sahifalarini yanada rang-barang qilish, ijodiy jamoani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy bosmaxona uskunalari o‘rnatish, har yili viloyatimiz ijodkorlarining jamoa to‘plamlari, bayozlarini chiqarishni tashkil etish va boshqa bir qator vazifalarni amalga oshirishni o‘z oldimizga maqsad qilganmiz. Zero, 40 yildan buyon viloyatimiz ahlining sevimli nashri bo‘lib kelayotgan gazetamizni yanada o‘qimishli qilish, o‘quvchilarimizni eng sara yangilik va axborotlar, tukum materiallar bilan bahramand etish bugun faoliyatimizning asosiy mezoniga aylangan.
[gallery-12480]
Poytaxt va qo‘shni viloyatlardan tashrif buyurgan ijod ahli, viloyat jurnalistlari, tahririyatda mehnati singgan xodimlar taklif etilgan mazkur tadbirda gazeta jamoasiga “Faxriy yorliq”, “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirga madaniyat va san’at vakillari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va dilrabo raqslar yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA