Navbat — mamlakat bosqichiga
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida “Hamshira – 2026” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarning oldini olish va bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda hamshiralarning o‘rni muhim. Shu bois ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur tanlov hamshiralarning mahoratini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-28890]
Tanlovning viloyat bosqichida shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 12 nafar o‘rta tibbiyot xodimi ishtirok etdi. Ular nazariy va amaliy bilimlar, shuningdek, tezkor savol-javob shartlari bo‘yicha bellashdi.
Tadbir davomida soha fidoyilarining aholi salomatligini muhofaza qilishdagi munosib hissasi e’tirof etildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Mingbuloq tumani 7-oilaviy poliklinika patronaj hamshirasi Hanifa Turg‘unova birinchi o‘rinni egallab, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali vakili Mohira Azimjonova va Namangan tumani tibbiyot birlashmasi hamshirasi Iroda Erkinovaga nasib etdi.
Mazkur tanlov hamshiralarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va eng munosib mutaxassislarni saralashda muhim ahamiyatga ega.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA