Navbahorda – “Adliya kuni”
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi Navbahor mahallasiga qachon yo‘lingiz tushmasin, ko‘chalar fayzu obodligini ko‘rib, dilingiz yorishadi. Bu yerda mahalla mas’ullari va aholining birdamligi, jipsligi sabab har qanday muammoli vaziyatlar tezkorlik bilan hal qilinadi.
“Adliya kuni” tadbirining aynan ushbu mahallada tashkil qilinishi ham bejiz emas.
Tadbir mahalla nuroniylari bilan muloqot qilishdan boshlandi. Samimiy ruhdagi uchrashuv davomida mahallada olib borilayotgan ishlar, yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamjihatlik, amaliy tajribalar o‘rtoqlashildi.
[gallery-18688]
Shundan so‘ng tuman hokimligi va mahalla mas’ullari bilan birgalikda uyma-uy yurish orqali aholi bilan suhbatlashildi. Adliya xodimlari tomonidan anketa-so‘rovnomalari to‘ldirilib, ayrim fuqarolarning huquqiy muammolari yuzasidan tushuntirishlar berildi. 2 nafar yoshga va nogironligi bo‘lgan fuqaro Z. Almuratovga ID karta topshirildi.
“Mahalla yettiligi” bilan suhbat jarayonida onlayn-mahalla platformasiga kiritilgan huquqiy muammolar tahlil qilindi hamda “fuqaro-mahalla-adliya” tizimi asosida muammolarning yechimi yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
“Adliya kuni” tadbiri viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Adham Shayjigitovning sayyor qabuli bilan davom etdi. Sayyor qabulda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ijtimoiy himoya, mehnat munosabatlari, tibbiyot, ta’lim, kommunal soha, davlat xizmatlaridan foydalanish, mulkiy huquqlarga oid bir qator murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Shahriyor ORTIQBOEV (surat), O‘zA