“Navbahor” muhim sinov arafasida
O‘tgan yilgi mamlakat superligasida kumush medalni qo‘lga kiritgan Namanganning “Navbahor” jamoasi joriy mavsumda Osiyo chempionlar ligasi (OCHL) saralash bahsida ishtirok etadi.
“Lochinlar” shu yil 22 avgust kuni safarda Qatar yulduzlar ligasi vakili “Al-Vakra” klubiga qarshi maydonga tushadi. Mazkur uchrashuvda vodiylik futbolchilar muvaffaqiyatga erishsa, OCHLning guruh bosqichida kurashni davom ettiradi. Shunday bo‘lsa, tabiiyki unda Namanganda ham o‘yinlar o‘tkaziladi.

Osiyo futbol konfederatsiyasining tijorat va translyatsiya bo‘yicha ekslyuziv hamkori – “Football Marketing Asia” (FMA) tashkiloti delegatsiyasining yurtimizga tashrifi ham ayni shundan kelib chiqqan holda amalga oshirildi. Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari “Navbahor” jamoasining uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan Davlatobod tumanidagi “Markaziy” stadionda bo‘ldi.

“FMA” vakillari “Navbahor” professional futbol klubi hamda “Markaziy” stadion ofislari, ommaviy axborot vositalari xodimlariga mo‘ljallangan media tribuna, videotakror tizimi – “VAR” uchun ajratilgan joy, bundan tashqari, jamoalarning kiyim almashtirish xonalari, matbuot anjumani zali, “VIP” zal, o‘yingoh hududini ko‘zdan kechirdi. Mehmonlar tanishuvdan so‘ng, bu boradagi OFK talablari, amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha o‘z maslahat va tavsiyalarini berdi.
Delegatsiya a’zolari “Al-Vakra” klubi bilan safarda o‘tkaziladigan xalqaro uchrashuvda “Navbahor” ga omad yor bo‘lib, OCHL guruh bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga tilak bildirishdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA