Nasriddin Ismatullo: Mustaqillik – O‘zbekistonning yangi taraqqiyot va hamkorlik salohiyatini namoyon etgan davr
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Istiqlolimizning 35 yilligi bayrami munosabati bilan Tojikiston Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nasriddin Ismatullo o‘z tabrigini izhor etdi.
– Mustaqillik yillarida O‘zbekiston tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sish, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, energetika, transport va sanoatni rivojlantirish, ijtimoiy sohani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini sezilarli darajada oshirishgacha bo‘lgan murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Bularning barchasi ayniqsa, keyingi o‘n yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning olib borgan muvaffaqiyatli islohotlari, barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan uzoqni ko‘zlagan izchil siyosati tufayli imkonli bo‘ldi.
So‘nggi yillarda tojik-o‘zbek munosabatlari sifat jihatidan yangi tus oldi hamda ittifoqchilik aloqalari va strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu muntazam siyosiy iroda hamda oliy darajadagi muloqotlar samarasi bo‘lib, deyarli barcha muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos yaratdi.
Joriy yilning mart oyida Tojikiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida ijro etilishini samarali nazorat qilish bo‘yicha institutsional asoslarni yaratish maqsadida Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Oliy davlatlararo kengash ta’sis etildi.
Davlat rahbarlari Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishning hozirgi holati va istiqbollarini har tomonlama muhokama qildilar hamda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Bugun oldimizda nafaqat erishilgan ijobiy dinamikani saqlab qolish, balki uni aniq amaliy mazmun bilan boyitish maqsadi turibdi. Ustuvor vazifalar qatorida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, chegaraoldi va mintaqalararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, gumanitar, madaniy va ta’lim sohasidagi aloqalarni kengaytirish o‘rin olgan.
Bizning O‘zbekistondagi diplomatik missiyamizda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashish, tegishli idoralar va institutlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va hududlarining faol hamkorligi uchun sharoit yaratish prinsipial ahamiyatga ega.
Ishonchim komilki, tojik-o‘zbek munosabatlarining hozirgi bosqichi – bu shunchaki yaqinlashuv davri emas, balki ularning tizimli va uzoq muddatli rivojlanish davridir. Umumiy maqsadimiz – sheriklikni yanada mazmunli, o‘zaro manfaatli va ikki qardosh xalq uchun aniq natijalarga yo‘naltirish.
Ushbu bayram kunlarida qardosh o‘zbek xalqi va rahbariyatiga tinchlik va ravnaq tilayman. Umumiy tarix va madaniyatga asoslangan xalqlarimizning ko‘p yillik yaqinligi kelgusida ham ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat manbai bo‘lib qolsin.
O‘.ALIMOV, O‘zA