“Nasaf” peshqadamlikni saqlab qoldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasida yettinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Turning markaziy o‘yini Qarshi shahrida “Nasaf” va Toshkentning “Lokomotiv” jamoalari o‘rtasida o‘tkazildi. Qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy o‘tgan uchrashuvda maydon egalari 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Xuddi shunday hisob bilan “Paxtakor” jamoasi “Navbahor” klubini mag‘lubiyatga uchratdi, “Bunyodkor” jamoasi esa “Neftchi” (Farg‘ona) jamoasiga imkoniyatni boy berdi. Olmaliqning “Olmaliq” jamoasi o‘z maydonida “Qizilqum” (Navoiy) klubini 2:0 hisobida yengib, ochkolar sonini o‘n oltitaga yetkazib oldi.
Ettinchi turga kelib, “So‘g‘diyona” (Jizzax) va “Dinamo” (Samarqand) jamoalari mavsumdagi ilk g‘alabalarini nishonladi. Jizzaxliklar ushbu turda Muborakning “Mash’al” jamoasidan 2:1 hisobida ustun keldi, “Dinamo” esa “Metallurg” (Bekobod) jamoasini 1:0 hisobida yengdi.
“Qo‘qon – 1912” (Qo‘qon) jamoasi o‘z maydonida “Buxoro” (Buxoro) klubini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. “Andijon” (Andijon) va “Sho‘rtan” (G‘uzor) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda hisob ochilmadi.
Ettinchi turdan so‘ng “Nasaf” jamoasi 18 ochko bilan musobaqa jadvalida peshqadamlik qilmoqda. “Neftchi” ikkinchi o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, “Olmaliq” kuchli uchlikda bormoqda.