“Narpay” kanali betonlashtirildi
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Navoiy viloyati Karmana tumanida aholi va qishloq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “Narpay” kanali betonlashtirilib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
“Narpay” kanali hududdagi muhim sug‘orish inshootlaridan biri hisoblanadi. U orqali minglab gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlari suv bilan ta’minlanib kelinmoqda. Dastlab kanal atrofida o‘rganish ishlari olib borilib, jarayonda rekonstruksiya ishlariga to‘sqinlik qilayotgan ayrim noqonuniy qurilmalar va inshootlar mavjudligi aniqlanib, qurilish-montaj ishlarini belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida aniqlangan holatlar bartaraf etildi.
Mazkur loyihaga 6,7 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 4,8 kilometr masofadagi kanal to‘liq rekonstruksiya qilindi. Natijada 5 ming 134 gektar sug‘oriladigan yer maydonining suv ta’minoti yaxshilanib, 30 foiz suv yo‘qotilishining oldini olishga erishildi. Suvning dalalarga yetib borish muddati qisqardi.

– Oldingi davrda mana shu kanalimizdan keladigan suvning foydali ish koeffitsiyenti 61 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, rekonstruksiya qilinib, beton qoplamaga o‘tkazganimizdan so‘ng 90 foizga yetdi, – deydi Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimi havza boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bahodir Rahimov. – Bu kanal orqali hozir 7 ming gektar yer maydoni sug‘oriladi Bundan tashqari, qurilayotgan “Yangi Navoiy shaharchasi”ni to‘liq obodonlashtirish ishlari, keyin Alisher Navoiy bog‘ini suv bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Barcha irrigatsiya, gidrotexnika inshootlari yangidan qurib bitkazildi. Zamonaviy “aqlli” suv o‘lchagichlar o‘rnatilib, avtomatlashtirilgan tarzda suvlarni o‘lchab, ma’lumotlarni bazaga taqdim qilib boradi. Avvallari fermerlarimiz kanaldan suv olishga qiynalardi. Suv tanqisligi esa sezilardi. Endi esa bu muammoga barham berildi.
Ushbu loyiha 2025-yil oktabr oyidan boshlangan bo‘lib, asosan, Narpay hududini suv bilan ta’minlaydi. Suv bilan ta’minlangan yer – mehnat uchun keng maydon, mehnat esa farovonlik manbaidir.

– 2001-yildan buyon fermer xo‘jaligini yuritib kelmoqdaman, – deydi fermer Murod Nazarov. – Oldingi yillarga nisbatan ushbu betonlashtirish ishlari boshlangandan buyon suv ancha iqtisod qilinmoqda. Shu bilan birga, suv tejalishi hisobiga undan foydalanish samaradorligi ortib, ekinlarimiz va dalalarimizda paxta hamda g‘alla hosildorligi oshmoqda. Qo‘shimcha ekinlar ekish uchun ham sharoitlar yaratilyapti.
Kanalda olib borilgan rekonstruksiya ishlari o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini kuchaytirish hamda hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuningdek, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlashga ham muhim hissa qo‘shadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu rekonstruksiya ishlari hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri