Narkotiklar kontrabandasiga qarshi kurashishda xalqaro tajriba o‘rganilmoqda
Ayni kunlarda mamlakatimiz mutasaddi vazirlik va idoralari vakillaridan iborat delegatsiya transchegaraviy uyushgan narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida Amerika Qo‘shma Shtatlarida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Mazkur delegatsiya tarkibida Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev hamda sohaning vakolatli mutaxassislari ishtirok etmoqda. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — transchegaraviy uyushgan narkojinoyatlarga qarshi kurashishda ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida idoralararo va transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.

Tashrif dasturi doirasida AQSHning bir qator yetakchi idoralari va tashkilotlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Jumladan, INL, CT, EXBS, CDP va SCA kabi byurolar rahbarlari bilan moddiy-texnik bazani mustahkamlash, kadrlar malakasini oshirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, AQSHning giyohvandlikka qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish sohasidagi yetakchi idoralari — DEA, FBI hamda Ichki xavfsizlik departamenti (DHS) vakillari bilan internet orqali amalga oshirilayotgan narkojinoyatlarni aniqlash, noqonuniy moliyaviy sxemalarga qarshi kurashish va zamonaviy tahlil usullarini qo‘llash bo‘yicha tajriba almashish ko‘zda tutilgan.

Delegatsiya a’zolari AQSH huquqni muhofaza qilish tizimining konseptual asoslari bilan yaqindan tanishish maqsadida bir qator ob’ektlarga tashrif buyuradi. Jumladan, eksport nazorati va chegara xavfsizligi dasturi (EXBS) doirasida uchrashuvlar, San-Isidro chegara bojxona postida chegara nazoratini tashkil etish jarayoni bilan tanishish, shuningdek AQSHning janubi-g‘arbiy chegaralari bo‘ylab amalga oshirilayotgan xavfsizlik choralarini o‘rganish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tashrif dasturidan FBI akademiyasi, DEA o‘quv markazi, Nyu-York politsiya departamenti hamda Nyu-York janubiy okrugi prokuraturasi faoliyati bilan tanishish ham o‘rin olgan. Ushbu muassasalarda kontrabanda yo‘nalishlarini aniqlash, giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish hamda jinoyatchilikka qarshi zamonaviy yondashuvlar amaliyoti o‘rganiladi.
Bunday amaliy tashriflar huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur tashrif yakunlari bo‘yicha respublika huquq-tartibot idoralari hamda sohaviy oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarini takomillashtirish, giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishda yangi strategik yondashuvlarni joriy etish kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA