Namanganni olamga tanitgan hofiz (+video)
Dillarni sel qilguvchi sehrli ovoz sohibi Kamoliddin Rahimov hayot bo‘lganida 80 yoshga to‘lardi. O‘zbekiston xalq artisti, ustoz hofiz ijodi bugun el qalbida qoldi. «Nargiz», «Ko‘chamdan jonon o‘tganda», «Farzandi Namangoniy», «Namangan tanavori» kabi ustoz kuy bastalab aytgan qo‘shiqlari sonining adog‘i yo‘q. Lekin ularning har biri mukammal asar, ijodning yuksak namunasi.
Namangan viloyati hokimligi tashabbusi bilan insonga e’tibor namunasi sifatida 2023 yilning ilk kunlari «Kamoliddin Rahimovni yod etib» xotira kechasi tashkil etildi. Bu anjumanga hofizni shogirdlari, mamlakatning taniqli san’atkorlari, olimlar, shinavandalar yig‘ildi.
Tadbir ochilishida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ustoz hofiz Kamoliddin Rahimov nafaqat buyuklik sifatiga ega san’atkor, balki o‘zining hayot tarzi bilan oddiylik, kamtarlikka haykal qo‘yib ketgan insondir, dedi.
«Mening Matluba bo‘lishimda Kamoliddin Rahimovning katta xizmatlari bor, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Matluba Dadaboyeva. – Inson olim bo‘lishi mumkin, katta pog‘onalarga chiqishi mumkin... Bunaqa kamtarin inson yo‘q. Yosh, endi san’atga kirib kelganlarga ham qo‘llari ko‘ksida salom berardilar, duo qilardilar. Menga ham ustoz duosini olishlik nasib etgan. Ular o‘lmagan. Ularning asarlari asrlar osha qoladi. Odob, axloq, iymon, e’tiqodga chaqiradigan bu asarlarni biz ko‘zimizga surtib ijro etamiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7pDFNDUHOi4" title="Namanganni olamga tanitgan hofiz" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Tadbirda Kamoliddin Rahimov ijod qilgan qo‘shiqlar izdoshlari, mamlakatning taniqli xonandalari tomonidan ijro etildi. Hayratlanarli tomoni shundaki, bu qo‘shiqlarni Farg‘ona, Buxoro, Xorazm yo‘lida kuylaydigan san’atkorlar ijro etsada, hammasi aynan Kamoliddin Rahimov uslubida, uning yo‘li, qochirimlari va dardli nolalarini chiqarib kuyladi. Bu ustozning san’ati bardavomligini ko‘rsatadi.
– Kamoliddin akaning novatorligi shundaki, u o‘z zamonasining yangi ijro asarlarini yarata oldi. U o‘zbek musiqa merosida yangi sahifa ochgan. Kamoliddin Rahimov qoldirgan uslub, yaratgan asarlari tor chertish yo‘llari hozirgi avlod uchun dasturilamal, kelajak avlod uchun ibrat bo‘lib qoladi, – deydi «Maqom» san’ati markazi bosh direktori, professor Soyibjon Begmatov.
Qishning eng sovuq kunlari teatrga sig‘may ketgan san’at shinavandalari qalbi ustozga bo‘lgan mehr, uning o‘z xalqiga qoldirgan qo‘shiq deb atalmish ilohiy ne’matdan quvvatlandi.
Kamoliddin Rahimov Namanganni olamga tanitgan edi. Bugun Namangan ahli uni yana bir bor olamga tanitmoqda.
Muhammadjon Obidov