Namanganliklar ham referendumda faol qatnashmoqda
O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug komissiyasi matbuot markazidan ma’lum qilinishicha, viloyatdagi 831 ta uchastkada ertalab soat 8.00da davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlangan referendumda ovoz berish jarayonlarida soat 17.00 holatiga ro‘yxatga kiritilgan 1 million 591 ming 770 fuqaroning 1 million 333 ming 906 nafari yoki 83,80 foizi ovoz berishda ishtirok etdi.




Bunda ovoz beruvchilar soni soat 11.00 ga qadar olingan ma’lumotga nisbatan 741 ming 966 nafarga ko‘paydi. Bu esa o‘z navbatida, namanganliklarning yuksak faolligi hamda konstitutsiyaviy islohotlarga befarq emasligidan yorqin dalolat. Ovoz berish jarayonlarini milliy qonunchilik va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan demokratik prinsiplari asosida oshkoralikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Namangan viloyatining 14 ta hududidagi ikkitadan namunali, jami 28 ta referendum uchastkasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari orqali uchastkalardagi siyosiy jarayonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilmoqda.
Referendum uchastkalarida ovoz beruvchilar uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Manzilda tashkil etilgan tibbiyot xonalari, dorilar bilan ta’minlangan. Shuningdek, har bir referendum uchastkasiga tez yordam mashinalari biriktirilgan. Shahar va tumanlardagi ovoz berish bilan bog‘liq jarayonlarni xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilar, shuningdek, siyosiy partiyalar hamda akkreditatsiyadan o‘tgan ommaviy axborot vositalari vakillari kuzatib bormoqda. Hozirga qadar Namangan viloyatida referendum jarayonlarida ovoz beruvchilar va kuzatuvchilar tomonidan biror e’tiroz yoki shikoyatlar kelib tushmadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA