Namanganlik tadbirkorlar muzqaymoq eksportini kengaytirmoqda
Yangi Namangan tumanida joylashgan “Obid fayz BM” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bir necha yildan buyon aholi ehtiyoji uchun turli shirinliklar va muzqaymoq mahsulotlari ishlab chiqarib kelinmoqda.
Hozirgi kunda korxonada 25 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ishlab chiqarish quvvati esa oyiga 80 tonnagacha mahsulot tayyorlash imkonini beradi. Korxonada 10 turdagi shirinlik va 5 turdagi muzqaymoq mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahalliy muzqaymoq mahsulotlarining ishlab chiqarilishi ichki bozor ehtiyojini qondirish bilan birga, importga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni paytda korxona mahsulotlari nafaqat ichki bozorda, balki qo‘shni davlatlarda ham xaridorgir bo‘lib kelmoqda. Xususan, o‘tgan 2025-yil davomida 25 ming AQSH dollari qiymatidagi mahsulot Qirg‘iziston Respublikasiga eksport qilingan.


Joriy yilda korxona tomonidan 2,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, 50 ming AQSH dollari qiymatidagi mahsulotni tashqi bozorlarga yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA