Namanganda yana bir nufuzli musobaqa o‘tkaziladi
Jahonning eng sara sharqona yakka kurash ustalari yana yurtimizning sport markazi – Namanganda jam bo‘ladi.
Shu yilning 26-30-oktabr kunlari viloyat markazidagi "Pahlavon" sport majmuasi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan taekvondo "WT" bo‘yicha "G1" turkumiga kiruvchi "Uzbekistan Open" xalqaro turniriga mezbonlik qiladi.

Xalqaro taekvondo federatsiyasi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, respublika Sport vazirligi, Namangan viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqada nafaqat yurtimiz, balki Osiyo hamda Yevropa qit’alaridagi o‘ndan ziyod davlatlardan mingdan ziyod mahoratli sportchilar dayangda o‘z mahorati va texnikasini ko‘rsatishi rejalashtirilgan.

2028-yili AQSH da bo‘ladigan “Los Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga reyting ochkolarini taqdim etuvchi ushbu nufuzli musobaqada o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi turli vazn toifalarida bellashuvlar tashkil etiladi. Ta’kidlash joizki, mazkur turnir vodiy, xususan Namanganda xalqaro sport muhitini yanada jonlantiradi.

– Ayni kunlarda turnirni yuqori saviyada tashkil etish, sportchilar uchun munosib sharoit yaratish, sport majmuasini tayyorlash hamda musobaqaning tashkiliy jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston tayekvondo “WT” assotsiatsiyasi Namangan viloyati bo‘limi ijrochi direktori Xolmurod Nozimov. – Barcha taekvondo ixlosmandlarini "Pahlavon" arenasiga ajoyib bahslarning guvohiga aylanish uchun chorlab qolamiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri