Namanganda tibbiy xizmat darajasi qanday?
Bugungi kunda Namangan viloyatidagi mavjud 245 davlat va 550 dan ortiq xususiy muassasalarda bir kunlik ambulator qatnov 50 ming, yillik ko‘rsatkich esa, 542 ming kishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa, aholining tibbiyotga bo‘lgan ishonchi ortib borayotgani, soha tubdan rivojlanayotganligini anglatadi.
Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari va ijtimoiy tarmoqlar faollari ishtirokida tashkil etilgan brifing tibbiyotda olib borilayotgan islohotlar, aholi murojaatlari bilan ishlash, tizimni yanada takomillashtirish hamda mavjud muammolarni aniqlashga qaratildi.
Dastavval, boshqarma boshlig‘i – viloyat bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Abror Alijonov fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holatiga e’tibor qaratdi. Keyingi yillarda shifo maskanlarining salohiyati yuksaldi, moddiy-texnik baza ancha mustahkamlandi. Ilgari chet ellarda yoki poytaxtimizda o‘tkazilgan murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda viloyat hamda uning shahar, tumanlariga ko‘chdi. Qolaversa, xorijlik yetakchi mutaxassislarning Namanganda yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishi xayrli an’ana tusiga kirdi.
Demak, “Tibbiyotdagi islohotlar inson uchun!” tamoyili asosida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar natijasida xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi oshmoqda. Xo‘sh, bundan odamlar qanchalik naflanmoqda. Xalqimiz bugungi tibbiy xizmatlardan rozimi?

Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Prezident Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan tibbiyotga oid murojaatlar 2026-yilning yanvar-iyun oylarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 221 taga ko‘paygan. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yuborilgan murojaatlar esa, 154 taga oshgan. Ya’ni, 2025-yilning olti oyida 201 ta edi, joriy yil mos davrida 354 taga yetgan.


Lekin, bu raqamlardagi o‘sish asosan davolashda amaliy va moddiy yordam so‘rash hamda imtiyozli davolanish uchun order olish bo‘yicha kuzatilgan. Vaholanki, nogironlik guruhi masalasi, dori-darmon ta’minoti, kadrlar masalasi bo‘yicha murojaatlar avvalgi davrga nisbatan sezilarli ravishda kamaygan. Jumladan, o‘tgan yili tibbiyot xodimlaridan shikoyatlar 110 ta bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil 6 oyida bu ko‘rsatkich 84 tani tashkil qilmoqda. Qayd etish darkor, tibbiy xizmatlarga doir murojaatlar Namangan shahri, Yangi Namangan, Davlatobod, Pop, Chortoq va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida avvalgi yildagidan ancha ortgan.

Viloyatda sog‘liqni saqlash yuzasidan bildirilayotgan har bir murojaatning ortida inson salomatligi, uning dardiga darmon bo‘lish, umri davomiyligini ta’minlashdek g‘oyat muhim vazifa mujassam. Kelgusida nafaqat aholi murojaatlari o‘rganiladi, balki hududlarga borib, odamlarning muammolari tahliliga bag‘ishlangan sayyor qabullar soni oshiriladi, yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazish odatga aylandi. Zotan, odamlar bugunidan rozi bo‘lib yashashlari kerak.

Brifing yakunida, aholining taklif va mulohazalarini o‘rganish, yuzaga kelayotgan muammolarni ijobiy hal etish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda o‘zaro hamkorlik ijobiy samara berishi ta’kidlanib, bu borada jurnalistlar va blogerlar bilan aloqalar yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.