Namanganda sektorlar faoliyatini o‘rganildi
Namanganda Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tashabbusi bilan shahar va tumanlar sektorlari kotiblari uchun amaliy seminar o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, 2020 yil 26-27 iyun kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilangan vazifalardan kelib chiqib sektorlar tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini manzilli o‘rganish bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan tashkil etilgan Prezident Administratsiyasi Ishchi guruhi yaqinda besh kun davomida viloyatda sektorlar faoliyatini o‘rgandi.

O‘rganishlar jarayonida sektor rahbarlari tasdiqlagan “Yo‘l xarita”lari va kafolat xatlari ijrosida bir qator kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Xususan, sektor kotiblarining o‘z ishini to‘laqonli tushunmasligi, olib borilayotgan manzilli ishlar tizimli tartibda belgilab olinmagan. Qolaversa, o‘rganish natijalari bajarilayotgan ishlar “Temir daftar” ga to‘g‘ri kelmasligi, ishga joylashtirish masalasida sektor rahbari masalani ichiga chuqur kirib, mas’uliyat bilan shug‘ullanmaganligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Yoshlar va chet eldan kelgan shaxslar bandligini ta’minlashda aniq ro‘yxatlar shakllantirilmaganligi, ehtiyojmand oilalar bilan ishlashda sektor va mahalla mas’ullari ularni shaxsan tanimasligi kabi kamchiliklar ham bo‘y ko‘rsatdi.

Ayrim sektorlar faoliyati tashkiliy jihatdan to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan, ish shart-sharoitlari yaratilmaganligi ham qayd etib o‘tildi. Namangan shahar prokurori rahbarligidagi 2-sektorda tashkil etilgan seminarda Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi viloyat filiali rahbari Shuhrat To‘xtaboyev so‘zga chiqib, viloyatdagi barcha sektorlar kotiblariga Ishchi guruhi o‘rganishlari davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, sektor mas’ullari faoliyatni tizimli yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish, shtabda bo‘lishi tavsiya etiladigan normativ-huquqiy va me’yoriy hujjatlar bilan yaqindan tanishtirish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni to‘g‘ri yuritish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Seminar davomida sektorlar faoliyatini monitoring qilish natijasida aniqlangan kamchiliklar tahlili bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, mavjud kamchiliklarga barham berish yuzasidan zarur tushuncha va yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib o‘tildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA