Namanganda quyosh panellari o‘rnatilmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ binosida 1 ta 20 kVtli va tumanlar ETKlarga 14 dona umumiy quvvati 70 kVtli quyosh paneli o‘rnatildi. Bu orqali bir yilda 377200 kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, jamiyatga 169 million 740 ming so‘m mablag‘ tejashga erishiladi.
Bundan tashqari, jamiyatning umumiy iste’mol quvvatidan kelib chiqib, qo‘shimcha quvvati 110 kVtli quyosh paneli o‘rnatish rejalashtirilgan. Shuningdek, Namangan davlat universitetining talabalar turar joyi binolarini elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida universitet tomonidan 100 kVtli quyosh paneli o‘rnatib ishga tushirildi. Bu jarayon bir yilda 360000 kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, 288 million so‘m mablag‘ tejash imkonini beradi.
[gallery-9969]
Viloyat hokimligi 20 kVt, Ichki ishlar 4 kVt, Namangan muhandislik-qurilish instituti 30 kVt, Namangan muhandislik-texnologiya instituti 30 kVt, Nasos stansiyalari boshqarmasi 11 kVt, Milliy gvardiya 25 kVt, Xalq ta’lim ob’ektlari 23 kVt, Davlat soliq boshqarma (20 kVT)lari tomonidan ham quyosh panellarini o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.
Hozirgi kunda viloyatning boshqa tashkilotlari hamda tadbirkorlik sub’ektlari ham o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib, quyosh panellarini o‘rnatish ishlarini olib bormoqda. Shu bilan birga, markaziy ko‘chalarda muqobil energiya jihozlarini joriy etilishi ham e’tiborda. Xususan, Namangan shahrining Marg‘ilon ko‘chasiga 428 dona har birining quvvati 150 Vat bo‘lgan jami 64,2 kVtli, Davlatobod tumani Yuksalish kichik sanoat zonasi ko‘chasiga 40 dona har birining quvvati 100 Vat bo‘lgan jami 4,0 kVtli quyosh panellari o‘rnatib ishga tushirildi. Shuningdek, aholi uy-joylarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish ishlari ham izchil olib borilmoqda. Jumladan, Uychi tumani “Pastguzar” MFYdagi 4 ta ko‘p qavatli uyda jami quvvati 48,0 kVtli hamda Mingbuloq tumani “Mustaqillik” MFY Ozodlik ko‘chasida joylashgan 10 ta ko‘p qavatli uyda jami 18,8 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA