Namanganda qiymati 158 million so‘mga yaqin sifatsiz dorilar va tibbiy buyumlar yo‘q qilindi
Majburiy ijro byurosining Namangan viloyati boshqarmasi Bosh prokuratura huzurida sud organlari va boshqa tegishli idoralarning ijro hujjatlarini bajarishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Byuroning Yangi Namangan tumani bo‘limi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda jinoyat ishi doirasida ashyoviy dalil sifatida olingan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan tartibda yo‘q qilish tadbirini o‘tkazdi.
Tadbir davomida umumiy qiymati qariyb 158 million so‘mni tashkil etuvchi 953 turdagi dori vositasi hamda tibbiyot buyumi yo‘q qilindi.

Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Sohibjon Rafiqovning qayd etishicha, ushbu dori vositalari va tibbiyot buyumlari jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil sifatida olingan bo‘lib, vakolatli organlarning qarorlariga asosan ularni muomalaga kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yo‘q qilish jarayonida dori vositalari va tibbiyot buyumlarining inson salomatligi hamda atrof-muhitga zarar yetkazmasligiga, shuningdek, belgilangan sanitariya va xavfsizlik talablariga rioya qilinishiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir MIB tuman bo‘limi hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida, qonunchilikda belgilangan tartib va talablar asosida o‘tkazildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA