Namanganda O‘zXDP g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanmoqda
Bosh g‘oyasi kuchli ijtimoiy siyosat hisoblangan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yetakchilari hamda faollari parlament va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar oldidan Namangan shahridagi “Uch favvora” xiyobonida saylovchilar bilan ommaviy tadbirda yuzma-yuz uchrashdi.
Bayramona ruhda turli soha xodimlari, jamoatchilik vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zXDPning siyosiy kuch sifatida davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni, ta’siri haqida so‘z yuritildi.
Tashviqot tadbirida aytib o‘tilganidek, O‘zXDP aholini arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlari bilan ta’minlash, qurilish sohasida samarali nazoratni kuchaytirish, fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan har kimning uy-joyli bo‘lish huquqini ta’minlash uchun arzon uy-joylar qurilishini kengaytirishga qat’iy harakat qilmoqda.

Shuningdek, O‘zXDP qurilish sohasida jamoatchilik hamda davlat nazoratini kuchaytirish, qurilishlarda yashil zona, maktab, bog‘cha, poliklinika, avtoturargoh kabilarni inobatga olish bo‘yicha talablarni qonun darajasida qat’iy belgilashga erishmoqchi. Bu betartib qurilishlarning oldini olishi barobarida, qurilish jarayonlarini aholiga va atrof-muhitga zararsiz tartibda tashkil etishga hissa qo‘shadi.
– Partiyamiz dasturida odamlarning kundalik kayfiyatiga ta’sir qiluvchi omillarga ham jiddiy e’tibor qaratilgan bo‘lib, sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish darajasini oshirishga urg‘u berilgan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov. – Ayni shu maqsadda “Kommunal xizmatlar narxlari va tariflarni tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish rejalashtirilgan. Maqsadimiz narxlar va tariflarning ochiq, shaffof bo‘lishi, ularning narxlari qanchalik asoslantiruvchi xarakterga ega ekaniga erishish.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi saylovda peshqadamlardan bo‘lishni, parlamentda va mahalliy Kengashlardagi deputatlik o‘rinlardan salmoqli qismini egallashni maqsad qilgan. Buning uchun O‘zXDPning tajribasi ham, kuch va salohiyati ham yetarli ekani namanganlik saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqotda yana bir bor qayd etildi.
Saylovchilar, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami manfaatlariga xizmat qiladigan tashabbuslar ma’qul kelganini, bepul maslahat beradigan “yuridik klinika”lar tarmog‘ini rivojlantirish kam daromadli fuqarolarning buzilgan huquqlarini himoya qilishda advokatura va yuridik xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlashda huquqiy yordam bo‘lishi haqidagi fikrlarni ma’qullashdi.

Saylovoldi uchrashuvida qatnashchilarning ijtimoiy-siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida qisqa savol-javoblar viktorinasi o‘tkazilib, topqir ishtirokchilarga targ‘ibotga qaratilgan esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Tadbir yakunida saylovlarning ahamiyati haqida, yurt kelajagiga befarq bo‘lmaslik xususida so‘z yuritilib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.