Namanganda O‘zbekiston kubogi bahslari
Respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarga mezbonlik qilib kelayotgan Namanganda yana bir e’tiborga molik sport anjumani – muay-tay bo‘yicha o‘smirlar (“U-15”) va yoshlar (“U-15”) o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bahslari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Muay-tay assotsiatsiyasi hamda respublika Sport vazirligi hamkorligida viloyat markazidagi “Barkamol avlod” sport majmuasida tashkillangan mazkur kubok bellashuvlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, va barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridan saralangan 400 ga yaqin sharqona yakkakurash ustalari g‘oliblik uchun ringga ko‘tarildi.

Murosasiz va qizg‘in tarzda kechgan janglar, avvalo, yosh o‘g‘il-qizlarni jismonan chiniqtirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi hamda sportning sharqona yakkakurash turlarini targ‘ib qilish va iqtidorli sportchilarni saralab olishga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etdi.

Turnirning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida g‘olib chiqqan Samarqand viloyati jamoasi mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. Namanganlik sportchilar faxrli ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Andijonliklar esa musobaqani kuchli uchlikda yakunlab berdi.
E’tiborlisi, respublika kubogi musobaqasi shu yilning 22–31-oktyabr kunlari Bahraynda bo‘lib o‘tadigan III-Yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga o‘ziga xos taraddud vazifasini ham o‘tadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.