Namanganda “Kargo” tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Keyingi yillarda mamlakatimizda mahalliy ishlab chiqarish korxonalari hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar tovarlarini xorijga eksportini kengaytirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning shu yil mart oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida “Namangan xalqaro aeroporti” mas’uliyati cheklangan jamiyatni davlat xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish loyihasini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan viloyati hokimligi tomonidan investorlar bilan o‘tkazilgan muzokaralar va erishilgan kelishuvlar natijasida ushbu loyihani “Namangan air solution” korxonasi qisqa muddatda amalga oshiradigan bo‘ldi. Shu munosabat bilan vodiy havo darvozasi – Namangan xalqaro aeroportida tadbirkorlar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida xayrli ishga “oq fotiha” berildi.
[gallery-19224]
Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov vodiy viloyatlari orasida birinchi bo‘lib tatbiq etiladigan tizimning viloyat iqtisodiy hayotida, ayniqsa, eksport salohiyatini oshirishdagi ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi. Qayd etilganidek, hozirgi kunda Namangan viloyatida 560 dan ortiq mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hamda yetishtirilgan meva-sabzavotlar dunyoning 65 davlatiga eksport qilinmoqda.
Yetishtirilgan serhosil mevalarimizga xorijda tobora talab ortib bormoqda. “Kargo” tizimi orqali yana 22 davlat bozoriga kirib boriladi va eksport qilish 90 mamlakatga yetkaziladi. Bugungi kunda viloyatda 1,8 million tonna meva mahsulotlari, shundan, 40 ming tonna o‘rik, 45 ming tonna gilos, 120 ming tonna olxo‘ri, 130 ming tonna olma kabi eksportbop mevalar yetishtiriladi. Birgina joriy yilda yetishtirilgan 25 ming tonna gilos dunyoning yetti davlatiga eksport qilingan bo‘lsa-da, amalda bu mahsulotga qiziqish bildirgan mamlakatlarga yozgi ne’matni qisqa muddatda sifatli yetkazib berishda qiyinchiliklar bor edi.
Endilikda mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqishda havo transporti orqali sifatli yetkazib berish tizimining yo‘lga qo‘yilishi, eksport hajmi ko‘payishi, eksportyor korxonalar sonini ortishiga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.