Namanganda ikki boshqarma rahbari o‘zgardi
Respublika oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i bilan Abdulahad Abdurayimovich G‘afforov Namangan viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Abdulahad G‘afforov 1981-yil 26-noyabrda Namangan tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2003-yili Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, 2005-yili Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti, 2014-yili Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi hisobchi-audit, siyosatchi.

Mehnat faoliyatini 2003-yilda Namangan viloyati Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasida mutaxassis sifatida boshlagan. U turli yillar davomida viloyat qishloq va suv xo‘jaligi tizimi idoralarida mas’ul lavozimlarda ish olib borgan.
Tayinlovga qadar 2020-yil avgust oyidan buyon Norin tumani hokimining o‘rinbosari – tuman investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
***
Respublika Soliq qo‘mitasi raisining tegishli buyrug‘i bilan Shuhratali Toirovich Imomov Namangan viloyati Soliq boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Shuhratali Imomov 1977-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2005-yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Soliq xizmatining II darajali maslahatchisi.
Tayinlovga qadar Qashqadaryo viloyati Soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri