Namanganda “Ibrat” filmining ilk taqdimoti oʻtkazildi
Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Isʼhoqxon Ibrat majmuasida shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda film ijodkorlari, oʻqituvchi va murabbiylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Ibratning avlodlari, kino ixlosmandlari ishtirok etdilar.
Namanganda “Oʻzbekkino” milliy agentligi buyurtmasi asosida “Kinomaniya” studiyasi tomonidan ulugʻ maʼrifatparvar alloma, atoqli tilshunos, tarixshunos olim, shoir va publitsist, muallim, birinchi oʻzbek matbaachisi Isʼhoqxon toʻra Junaydulloxon oʻgʻli Ibrat hayotiga bagʻishlab suratga olingan “Ibrat” badiiy filmining taqdimoti oʻtkazildi.
Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Isʼhoqxon Ibrat majmuasida shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda film ijodkorlari, oʻqituvchi va murabbiylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Ibratning avlodlari, kino ixlosmandlari ishtirok etdilar.
Dastavval majmuadagi Isʼhoqxon toʻra Ibrat haykali poyiga gullar qoʻyildi. Tadbirda qatnashgan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov, Oʻzbekiston xalq artisti Erkin Komilov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi raisi, shoir Ziyovuddin Mansurovlar yangi milliy kino asari bilan barchani samimiy tabriklashdi.
“Ibrat” filmi premyerasi birinchi boʻlib Toʻraqoʻrgʻon tumanida boshlanganligi bejizga emas. Chunki Isʼhoqxon toʻra Ibrat shu muqaddas zaminda tugʻilib, voyaga yetgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida berilgan koʻrsatmalari va tashabbusi asosida alloma nomi bilan ataluvchi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab, muzey va xiyobondan iborat majmua barpo etildi.

– Film premyerasi Oʻqituvchi va murabbiylar kuni oʻtkazilayotganida ham ramziy maʼno bor, – dedi Shavkat Abdurazzoqov. – Chunki Ibrat domla buyuk maʼrifatparvar va ulugʻ ustoz boʻlganlar, yosh avlodga ilm ulashganlar. Filmni oʻquvchi va talabalar ishtirokida taqdimotlarini oʻtkazamiz. Bugungi kun yoshlari ajdodlarimiz bizga qanday ulkan meros qoldirishganini anglab yetishlari kerak. Maʼnaviyatsiz, tarbiyasiz katta maqsadlarimizga erishib boʻlmaydi.
Shundan soʻng, tuman madaniyat markazida “Ibrat” badiiy filmi premyerasi boʻldi. Unda “Oʻzbekkino” milliy agentligi direktori Firdavs Abduholiqov, agentlik direktori oʻrinbosari Shuhrat Rizayev, film rejissyori Jahongir Qosimov, aktyor Matyoqub Matchonov soʻzga chiqib, filmni suratga olinishi jarayoni, bugungi kundagi dolzarb ahamiyati xususida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Ikki yarim yil davom etgan suratga olish jarayonlari Qoʻqon shahrida, shuningdek, Misr davlatida boʻlib oʻtdi. Filmga yurtimiz aktyorlaridan tashqari, Rossiya, Turkiya va Misrning sanʼat ustalari ham jalb etildi. Badiiy kengash, ekspertlar, kinomutaxassislari tomonidan qizgʻin muhokamadan oʻtganidan keyin film tomoshabinlar hukmiga havola qilindi.

“Ibrat” badiiy filmni rejissyor Jahongir Qosimov suratga olgan. Ssenariy mualliflari Nurillo Abbosxon va Abduqayum Yoʻldoshev. Filmda asosiy rollarni Farhod Mahmudov, Saidkomil Umarov, Erkin Komilov, Karim Mirxodiyev, Matyoqub Matchonov, Bobur Yoʻldoshev, Shahzoda Matchonova, Akbarxoʻja Rasulov kabi aktyorlar ijro etishgan.
Filmda milliy uygʻoniy davrining yetuk namoyandasi, shoir va olim, noshir, ulugʻ maʼrifatparvar Isʼhoqxon toʻra Ibratning chin maʼnoda ibratli hayoti, millat ozodligi va maʼrifati yoʻlidagi saʼy-harakatlari, bu ezgu maqsadlarga yetish sari mashaqqatlari, sobiq sovet tuzumidan koʻrgan azobu uqubatlari haqida hikoya qilinadi. Ilm misoli cheksiz ummon, bebaho xazina, tengsiz qudrat, taʼrifu tavsiflarga sigʻmas hikmatligini anglagan Ibrat domla hamisha ilm olishga, maʼrifatga intiladi. Barchani shunga chorlaydi.
Eʼtirof etish joiz, “Ibrat” badiiy filmini ilk bor namoyishidan shunday xulosaga kelish mumkinki, filmni koʻrgan kishida eng avvalo, ilmu maʼrifat topishga ragʻbat va maqsad paydo boʻladi. Oʻzligini, qanday buyuk ajdodlarning vorislari ekanligini anglab yetadi.