Namanganda hosil bayrami
Qishloq xo‘jaligi mehnatkashlari – hayotning baquvvat ustuni, tiriklikning mustahkam tayanchi. Prezidentimizning bu yuksak e’tirofi Namanganda soha fidoyilarini sharaflashga bag‘ishlagan tantanali tadbirda ham o‘z ifodasini topdi.
Yangi yil munosabati bilan arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi, uloq ko‘pkari musobaqasi hamda tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda shahar, tuman hokimlari, tarmoqning fidoyilari, faxriylar, ilg‘or fermer va dehqon xo‘jaliklari mehnatkashlari, agroklasterlar vakillari, bog‘bonlar, chorvadorlar, pillakorlar, suvchilar, irrigatorlar, agronom va mexanizatorlar tegishli tashkilotlar mutasaddilari qatnashdi.

Bayram munosabati bilan Davlatobod tumanida viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi hamda viloyat fermerlar kengashi tomonidan tashkillangan yarmarkada barcha tumanlarda saxovatli zaminimizdan mo‘l hosil olayotgan azamat bobodehqonlar tomonidan yetishtirilgan, kundalik turmush uchun zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari va meva-sabzavotlar arzonlashtirilgan narxlarda aholiga yetkazib berildi.
– Yarmarkada agrofirmalar, fermer xo‘jaliklari faollik ko‘rsatmoqda. Niyatimiz Yangi yilda elimizning dasturxoniga quyoshli yurtimizda pishib yetilgan mahsulotlarni yetkazib berishdir.Agrofirmamizning beshta tumanda jami 10 gektarlik 20 ta issiqxonasi bo‘lib, ularda yetishtirilgan o‘n beshdan ortiq turdagi mahsulotlar o‘z xaridorlarini topdi, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Ko‘klam zamini” mas’uliyati cheklangan jamiyat menejeri Obidxon Nuriddinov.

“Otchopar” majmuasida viloyat hokimligi sovrini uchun o‘tkazilgan uloq ko‘pkari musobaqasida Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent, Samarqand kabi viloyatlar hamda qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasidan kelgan 400 dan ziyod mohir chavandozlar skuter, tuya, ot, qo‘y, echki, gilam, televizor kabi g‘oliblik yutuqlari uchun bahslashdi.
Majmuadagi ulkan maydonning bayram sahnasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Toshpo‘lat Matkarimov va viloyat san’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi “Hosil bayrami”ga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

O‘ziga xos bayram Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida “bir piyola choy” dasturxoni atrofida davom etdi. Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov yig‘ilganlarni qo‘shaloq ayyom bilan tabriklab, keyingi yillarda agrar sohada uzoqni ko‘zlagan holda amalga oshirayotgan tub islohotlar tizimda salmoqli natijalarga erishishda muhim omil bo‘layotganligini ta’kidladi.
O‘tgan 2025 yilda Namangan viloyatida jami 2 ming 528 tonnadan ziyod pilla, 561 ming 685 tonna g‘alla, 224 ming tonnaga yaqin paxta yetishtirildi. Yil yakuni bilan yalpi qishloq xo‘jaligi hajmi 39,6 trillion so‘mni tashkil etib, 104,6 foizga o‘sishga erishildi. Har bir yo‘nalishda tizimli ish tashkil etilgani, yer tayyorlashdan tortib, hosilni yig‘ishtirib olish jarayonigacha mas’uliyat va uyushqoqlik bilan yondashilgani o‘z samarasini berdi.

Ta’kidlash joiz, qishloq xo‘jaligi maqsadida foydalanish uchun yer maydonlarini o‘zlashtirish bo‘yicha so‘nggi yetti yilda 45 ming gektar, shu jumladan 23,5 ming gektar sug‘oriladigan maydonning suv ta’minoti yaxshilanib, qayta foydalanishga kiritildi.
Bog‘-tokzorlar barpo etish yo‘nalishida 3,2 ming gektar mevali bog‘ va uzumzor barpo etildi. Kam hosilli, iqtisodiy samarasiz 1,3 ming gektar bog‘ va tokzorlar rekonstruksiya qilindi. Kanallarni betonlashtirish bo‘yicha dasturga kiritilgan loyihalarda 42,3 kilometr kanallarda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi natijasida 34,6 ming gektardan ortiq yer maydonlarining suv ta’minoti va 2,9 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yer maydonining meliorativ holati yaxshilandi.
Yangi 2026 yilda ham ulkan reja va maqsadlar belgilab olingan. Eng avvalo, 4 ming gektar maydon o‘zlashtirilib, sug‘oriladigan yerlar toifasiga o‘tkazilishi hisobiga qayta foydalanishga kiritiladi. 48 ming 898 gektar maydonga chigit ekilib, har gektar maydondan o‘rtacha 51,8 sentnerdan, jami 253 ming 510 tonna paxta xomashyosi yetishtiriladi. Bunda, 30 ming gektarda Shinjon tajribasi asosida qo‘shqator tomchilatib sug‘orish usulida, 15 ming gektarida qo‘shqator oddiy plyonka usulida, 5 ming gektarida qo‘shqator ochiq oddiy usulda chigit ekiladi. 64 ming 410 gektar kuzgi boshoqli don ekinlarini har gektaridan 100 sentnerdan 644 ming 100 tonna don mahsulotlari yetishtiriladi. 14 ming 398 gektarda sholi ekilib, 69 ming 778 tonna, 32 ming 448 gektarda dukkakli ekinlar ekilib, 65 ming 844 tonna dukkakli don, 17 ming 866 gektarda kartoshka ekilib, 356 ming 220 tonna hosil olish ko‘zda tutilmoqda. Tarmoq yo‘nalishlarida jami 50 600 dan ortiq doimiy va mavsumiy yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Tantanali tadbirda bir guruh soha faollari qishloq xo‘jaligi rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, sohaga innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, barcha turdagi ekinlardan yuqori va sifatli hosil yetishtirib, el-yurt farovonligini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissalari uchun Namangan viloyati hokimining Faxriy yorlig‘i, “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi”, “Ilg‘or fermer”, “Mehnatkash dehqon” ko‘krak nishonlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.