Namanganda aholi murojaatlari va ijtimoiy ob’ektlar holati o‘rganildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilnoza Azizova Namangan viloyatiga xizmat safari doirasida Namangan tumanida bo‘lib, aholi murojaatlari, mahallalardagi mavjud muammolar hamda ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rgandi.
Dastlab deputat Qoratepa va Nurtepa mahallalarida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi bilan tanishdi. Fuqarolarning bildirishicha, ko‘p yillardan buyon mavjud muammoni hal etish 2020-yilda davlat dasturiga kiritilgan bo‘lsa-da, ishlar ijrosi kechikmoqda. Ayni paytda ushbu hududlarda 10 ming nafardan ortiq aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish dolzarbligicha qolmoqda.
Deputat soha mutasaddilari, mahalliy Kengash deputatlari va mahalla faollari bilan muloqot qilib, masalaning yechimi yuzasidan fikr almashdi. Muammoni bartaraf etish ishlarini tezlashtirish maqsadida deputatlik so‘rovi yuborish belgilandi.
Shuningdek, G‘ayrat mahallasida aholi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda davlatimiz rahbarining joriy yil 24-iyundagi «Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni mazmun-mohiyati, mahalla yettiligi va mahalliy Kengash deputatlari hamkorligini mustahkamlash, fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish masalalari muhokama qilindi.
Safar davomida tumandagi 26-umumta’lim maktabi va 14-oilaviy poliklinikaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ham ko‘zdan kechirildi. Muassasalarning ko‘mir zaxirasi, isitish tizimlari, elektr energiyasi va boshqa zarur resurslar bilan ta’minlanishiga e’tibor qaratildi.
[gallery-32294]
Deputat «Bibi Mushkulkushod» ziyoratgohida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan ham tanishdi. Mazkur maskanni obodonlashtirish uchun davlat tomonidan 7 milliard 100 million so‘m mablag‘ ajratilgan. O‘rganish jarayonida mahalliy aholi vakillarining fikr va takliflari tinglandi.
Mazkur o‘rganishlar davomida aholini o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar mas’ullar ishtirokida muhokama qilinib, ularning yechimi yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA