Namanganda 65-Xalqaro Gullar festivaliga tayyorgarlik qizg‘in pallaga kirdi
Joriy yilning 24-mayidan 12-iyulga qadar Namangan shahrida 65-Xalqaro Gullar festivali bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli anjumanga qiziqish yil sayin ortib bormoqda.
Yubiley festivalida 50 dan ortiq mamlakatdan 1 millionga yaqin xorijiy sayyoh va 7 milliondan ziyod mahalliy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Qariyb 50 kun davom etadigan festival doirasida 150 dan ortiq madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbir tashkil etiladi.
Jumladan, gala-konsertlar, dron-shou, avtoparad, ochiq osmon ostida simfonik konsert, modalar haftaligi, ko‘rgazmalar, shuningdek, turizm, investitsiya va ishbilarmonlikka bag‘ishlangan xalqaro forumlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Yubiley festivali munosabati bilan shahar va tumanlar markaziy ko‘chalariga qariyb 5 million tup mavsumiy gul ekilib, hududlar rang-barang gullar bilan bezatilmoqda. Bu ishlar shaharga yanada ko‘rk bag‘ishlab, festival mehmonlarida unutilmas taassurot qoldirishi kutilmoqda.
Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari samarasida shaharning ko‘rki yanada ochilmoqda. Aylanma chorrahalar, yo‘l yoqalari, tashkilot va muassasalar hududlari turli gullar bilan bezatilib, bayramona muhit yaratilmoqda.
[gallery-29033]
Ayniqsa, Islom Karimov ko‘chasida obodonlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. Yo‘l bo‘ylari turli rangdagi gul kompozitsiyalari bilan bezatilib, festivalga munosib muhit yaratilmoqda.
Qisqacha aytganda, Namanganda go‘zallik va nafosat bayramiga har qachongidan-da katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mazkur festival nafaqat shahar ahli, balki mamlakatimiz va xorijdan keladigan mehmonlarga ham unutilmas taassurot ulashishi shubhasiz.
Hotam MAMADALIEV (surat, video), O‘zA