Namangan yo‘llari yanada ravon bo‘ladi
Namangan viloyatida joriy yilda qariyb 2000 kilometr yo‘l shag‘allanishi, asfaltlanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirga qadar ushbu ishlarning 70 foizi bajarildi.
Rejaga muvofiq, ichki xo‘jalik yo‘llarining 338 kilometri asfaltlanishi, 616 kilometri shag‘allanishi belgilangan. Bundan tashqari, umumiy foydalanishdagi xalqaro, davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish, to‘la ta’mirlash, joriy ta’mirlash, saqlash ishlari olib boriladi.
Kosonsoy tumanida ayni kunlarda amalga oshirilayotgan yo‘lsozlik ishlariga 200 ga yaqin ishchi va 50 dan ortiq yo‘l qurilish mashinasi jalb qilingan, - deydi viloyat avtomobil yo‘llaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Akramjon Hamdamov. – “Obod qishloq” dasturi doirasida tumanning Jar mahallasida 2,5 kilometr, Rovot mahallasida 3,6 kilometr, tuman bo‘yicha 12 kilometr ichki yo‘l asfaltlanadi. Har ikki mahallada mos ravishda 17,5 va 22,4 kilometr tuproq yo‘l shag‘allanadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA