Namangan xalqaro biologiya olimpiadasiga mezbonlik qilmoqda
Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan sog‘lom, ruhan tetik, aqlan barkamol etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmokda.Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan an’anaviy ravishda yo‘lga qo‘yilgan Abu Ali Ibn Sino xalkaro biologiya olimpiadasi ham umumta’lim maktablari o‘quvchilarining bilimini oshirishga xizmat qilmokda.
Namangan shahri mezbonlik qilayotgan, dunyo yoshlarini birlashtirayotgan mazkur xalqaro biologiya olimpiadasi – “AIBO”ning tantanali ochilish marosimida olimlar va xalqaro ekspertlar, Namangan viloyatidagi davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalarining rektorlari hamda professor-o‘qituvchilari, hamkor tashkilotlar rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastavval, xalqaro fan olimpiadasi qatnashchilariga yo‘llangan Namangan viloyat hokimining tabrigi o‘qib eshittirildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shokirova, Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov o‘ziga xos bilimlar sinovi qatnashchilariga ulkan zafarlar tiladi.
Tabiiy fanlar turkumiga kiruvchi olimpiadada yurtimizning turli hududlaridan saralangan bilimdonlardan tashqari Turkiya, Tailand, Malayziya, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Belarus, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston kabi o‘ndan ziyod mamlakatlar jamoalarining 100 nafarga iqtidorli o‘quvchilari bahslashadi.
[gallery-28903]
– Yoshim 16da, bolagimdan tabiiy fanlarga mehrim bo‘lakcha. O‘z oldimga shifokor bo‘lishni maqsad kilib olganman. Buning uchun tinimsiz izlanish kerak. Shu ma’noda, maktab, tuman, viloyat va respublika fan olimpiadalaridagi muntazam ishtirokim, unda qayd etgan yuqori natijalarim jahon darajasiga chiqishimga turtki berdi, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 10-sinf o‘quvchisi Islomjon Rahmonjonov. – Nufuzli olimpiada viloyatimizda o‘tkazilayotganidan behad xursandmiz. O‘zbekiston terma jamoasi safida hal qiluvchi sinovlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Amaliy va nazariy imtihonlarda yuzimiz yorug‘ bo‘lishi uchun astoyil kurashamiz. Eslatib o‘tamiz, xalqaro olimpiadaning nazariy va amaliy bosqichlari Namangan shahridagi “TURAN” xalqaro universitetida bo‘lib o‘tadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA