Namangan muzqaymoqlari Markaziy Osiyo bozorida
Kunlar isishi, jazirama davr – yoz fasli yaqinlashib kelishi bilan odamlarning chanqoqbosti oziq-ovqat va sut mahsulotlari, ayniqsa, muzqaymoqlar iste’moliga bo‘lgan ehtiyojlari oshib borishi shubhasiz.
Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibidagi Yangi Namangan tumanida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Obid fayz BM” korxonasi ko‘p yillardan buyon aholi uchun shirinlik va muzqaymoq mahsulotlari ishlab chiqarib kelmoqda.
Bugungi kunda jamiyatga qarashli ishlab chiqarish sexida 25 nafar ishchi mehnat qilib, oyiga 80 tonnagacha mahsulot tayyorlanadi.

Korxona hozir 10 turdagi shirinlik va besh turdagi muzqaymoq ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Ular orasida "Magnit", "Plombir" nomli chanqoqbosti mahsulotga bo‘lgan xaridorlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Mahalliy muzqaymoq ishlab chiqarilishi aholi ehtiyojini qondirish asnosida importga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ta’kidlash joizki, korxona mahsulotlari nafaqat ichki bozorda, balki qo‘shni davlatlarda ham talabga ega. Xususan, mazkur tadbirkorlik sub’ekti tarafidan 2025-yilda 25 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot Qirg‘iz Respublikasiga eksport qilindi. 2026-yilda esa korxona 2,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishni maqsad qilgan, shundan 50 ming dollarlik mahsulot esa, eksportga yo‘naltiriladi.

Jamiyat faoliyati bilan yaqindan tanishgan Yangi Namangan tumani hokimi Adhamjon Qoraboyev boshchiligidagi hokimlik ishchi guruhi tadbirkorga har tomonlama amaliy yordam berishga tayyorligini bildirib, ishlab chiqarish sur’ati va eksport qamrovini oshirish borasida tavsiyalarini berdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA