Muzrabotda xatlov ishlari davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani Madaniyat mahallasida o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish maqsadida xatlov ishlari amalga oshirilmoqda.
Jarayon doirasida Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalari mutaxassislari mahalla faollari hamda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ularda qonunchilik mazmun-mohiyati tushuntirilib, mulk huquqlarini rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, xatlov ishlari bevosita hududda malakali mutaxassislar ishtirokida olib borilib, fuqarolarga uning tartibi va bosqichlari yuzasidan tushunchalar berilmoqda.
[gallery-28487]
Ma’lum qilinishicha, tumanda 37 ta mahalla mavjud bo‘lib, joriy yilda ularning 6 tasida xatlov ishlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu jarayonlarga 5 nafar mutaxassis jalb etilgan.
Hozirga qadar tumanda 4 ming 173 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazilib, shundan 3 ming 187 tasi “E’tirof” axborot tizimiga kiritilgan.
Qayd etilishicha, mazkur ishlar mulk huquqlarini qonuniylashtirish, noaniqliklarni bartaraf etish hamda aholining huquqiy ongini oshirishga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA