Muzey – tarix va kelajakni bog‘lovchi yo‘l
Muzey madaniyat ko‘zgusi, tarixiy, moddiy va ma’naviy yodgorliklarni to‘plash, saqlash, o‘rganish kabi ishlarni amalga oshiruvchi ilmiy, ma’rifiy-ma’naviy maskan. U o‘zining ekspozitsiya va ko‘rgazmalari vositasida ilmiy tashviqot va ma’naviy tarbiya vazifasini bajaradi.
Poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida tashkil etilgan ko‘rgazmalarda Amir Temurning tarixdagi o‘rni, uning nafaqat buyuk harbiy sarkarda, yirik davlat arbobi, balki teran bunyodkor shaxs bo‘lganligi va u asos solgan bunyodkorlik faoliyati avlodlar tomonidan davom ettirilgani o‘z aksini topgan. Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurib, u yerda tashkil etilgan ba’zi ko‘rgazmalar, eksponatlar haqidagi ma’lumotlarimizni yanada boyitdik.

– Ushbu muzey 1996 yilda Sohibqiron Amir Temur bobomizning 660 yillik yubileyiga bag‘ishlab qurilgan, – deydi muzeyning ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Azizjon Sharipov. – 25 yildan ziyodroq davr mobaynida muzey temuriylar davrini o‘rganish bo‘yicha alohida ilmiy-tadqiqot markazi ham hisoblanadi. Bu yerda ko‘plab olimlarimiz ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, tarix fanlari doktori Omonulla Bo‘riyev. Bu kishi Sharofiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan, shu kunlarda kitob nashrdan chiqish arafasida. Bundan tashqari, muzeyimiz Amir Temurning 685 yillik yubileyiga bag‘ishlab «Amir Temur bibliografiyasi» kitobini nashrdan chiqardi. Muzeyimizda yurtimizning ko‘plab nufuzli oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv amaliyotlarini o‘taydi, ochiq darslar, tadbirlar va konferensiyalarda ishtirok etadi. Muzey fondlarini boyitish maqsadida arxeologik ekspeditsiyalar muntazam tashkil etib boriladi.
O‘tgan yili karantindan oldin Afg‘oniston bilan hamkorlikda muzeyimizda Gavharshodbegim xalqaro simpozimuni o‘tkazdik. Unda ko‘plab afg‘onistonlik olimlar ishtirok etishdi. Ulug‘bek Mirzoning onasi Gavharshodbegim nafaqat ayol, malika, balki ilm-fan, madaniyat homiysi bo‘lgan. Hirotda judayam ko‘plab imoratlar qurilishida o‘z hissasini qo‘shgan. Temuriylar davri tariximizning gultojisi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi Amir Temur bobomiz Ikkinchi Renessansning asoschisi hisoblanadi. Bu davrda ilm-fan, me’morchilik, tasviriy va amaliy san’at, adabiyot, she’riyat, musiqa san’ati yuksak darajada taraqqiy etib, o‘z navbatida «Temuriylar Renessansi» sifatida shuhrat qozonishiga sabab bo‘ldi.
Muzeyning tajribali xodimlari hamrohligida muzey bo‘ylab sayohat uyushtirdik va ko‘plab noyob eksponatlarning tarixi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Muzeyning birinchi qavatida asosan Amir Temur davridagi eksponatlarning nusxalari o‘rin olgan. Mana ulardan biri: 1905 yilda Sankt-Peterburgdan olib kelingan Qur’oni karim kitobining nusxasi. Ushbu tarixiy kitobning nusxasi yaratilganiga 100 yildan oshdi. Muzey bo‘ylab sayohatni davom ettirar ekansiz, «Zafarnoma» asariga ishlangan miniatyuraga duch kelasiz. Asli AQSHdagi Metropoliten muzeyida saqlanayotgan Husayn Boyqaroning piyolasidan olingan nusxalar. E’tiborimizni Movoraunnaxr taxtiga o‘tirib, davlatni boshqargan Temuriy shahzodalar –Umrashayx Mirzo (Amir Temurning ikkinchi o‘g‘li), Xalil Sulton Mirzo, Ulug‘bek Mirzo, Abdullatif Mirzo, Abdulla Mirzo, Sulton Abusaid Mirzo, Sulton Ahmad Mirzo, Umarshayx Mirzo (Bobur Mirzoning otasi) , Sulton Mahmud Mirzo, Boysung‘ur Mirzo, Bobur Mirzo, Sulton Ali Mirzolarning portretlari tortdi. Barchasining yuzida jasurlik, qat’iyat, o‘ktamlik ifodalangan.

Yana bir devorda osig‘lik turgan suratni tomosha qilmaslikning iloji yo‘q. Temuriylar davrida Samarqand bozorining moy-bo‘yoqdagi kartinasi aks etgan suratni tomosha qilar ekansiz, xuddi o‘n beshinchi asrga tushib qolgandek his etasiz o‘zingizni. Mazkur kartina O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, «Shuhrat» medali sohibi Alisher Aliqulov tomonidan ishlangan rang-tasvir asari. Har bitta personajning qiyofasi xarakteriga mos tarzda ochib berilgan. Bozor o‘rtasida beshik ko‘tarib ketayotgan erkak,nariroqda esa o‘g‘liga xushtak sotib olayotgan ota, bozorda o‘z savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanayotgan odamlar va bozor hayoti aks etgan.Sherdor, Amir Temur, Bibixonim, Ulug‘bek maqbaralarining turli xil me’moriy bezak namunalari ham muzeydan o‘rin olgan. Harbiy anjomlardan qilich, qalqon, yuzni qilichdan himoya qiluvchi dubulg‘alar...
Muzeyning ikkinchi qavatida Amir Temur shajarasi hamda elchilarni qabul qilayotgan jarayon aks etgan miniatyura asarlari. Amir Temur va Sulton Mahmudxon nomi bilan zarb etilgan kumush hamda mis tangachalar. Temur tuzuklari kitobining asli. Otliqlar uchun harbiy qurol-aslahalar. Ulug‘bek Mirzoning yulduzlar globusi. «Tojmahal» maqbarasining Boburiylar asos solgan ko‘rinishi. Shuningdek, turli yillarda Misr, Eron, Rossiya, Gruziya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, kabi ko‘plab davlatlardan muzeyga tashrif buyurgan davlat rahbarlari, elchilar va boshqa hukumat rahbarlarining muzey haqidagi samimiy dastxatlari. Muzeyga uyushtirgan tashrifimizning xulosasi sifatida dastxatlardan biridagi yozuvni keltiramiz:
«Buyuk Amir Temur muzeyini ko‘rganimdan hayratdaman. Bu o‘zbek xalqining buyuk tarixidir, bu juda ajoyib. O‘zbek xalqi o‘z ajdodlari bilan faxrlanishga to‘la haqli.
Men o‘zbek xalqiga tinchlik va omad tilayman».
Abdul Salom.
Bangladesh elchisi, 25 iyun 2002 yil.
Nigora Rahmonova, O‘zA