Mutolaa – barkamol avlod tarbiyasining poydevori
Bugungi globallashuv va axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan davrda yosh avlodning ma’naviy, intellektual va axloqiy kamolotini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ushbu jarayonda kitob va mutolaa madaniyati inson tafakkurini rivojlantiruvchi, bilim va dunyoqarashni kengaytiruvchi eng muhim vositalardan biri sifatida namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, aholining, ayniqsa, yoshlarning kitob mutolaasiga qiziqishini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan kitobxonlikni ommalashtirish, kutubxonalar faoliyatini modernizatsiya qilish, nashriyot va matbaa sohasini qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy elektron kutubxonalarni rivojlantirish bo‘yicha qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Yangi O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirish davlat siyosatining muhim tarkibiy qismiga aylandi. Kitobxonlik madaniyatini shakllantirish borasidagi davlat siyosati yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasini keng targ‘ib qilish, zamonaviy kutubxonalar tarmog‘ini rivojlantirish, elektron va raqamli kutubxonalar imkoniyatlarini kengaytirish, mahalliy nashriyotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, kitob yarmarkalari, tanlovlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etish, ta’lim muassasalarida mutolaa madaniyatini rivojlantirish kabi asosiy vazifalarni amalga oshirish orqali yosh avlodni kitobni sevishga, kitobni asrashga o‘rgatishni nazarda tutadi. Zero, kitobni sevgan inson chinakam ma’naviy yetuk inson, undan to‘g‘ri xulosa chiqara olgan inson esa chinakam komil inson bo‘lib yetishadi.
Davlat tomonidan qabul qilingan qarorlar asosida "Yosh kitobxon", "Kitobxon oila", "Eng faol kitobxon", "Ma’rifat ulashib" kabi loyihalar yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim o‘rin tutmoqda. Mamlakatimizdagi axborot-kutubxona markazlari zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanib, elektron resurslardan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi. Bundan tashqari, ta’lim muassasalarida kitobxonlik soatlari, adabiy uchrashuvlar, ijodkorlar bilan muloqotlar hamda kitob festivallarining muntazam tashkil etilishi yoshlarning mutolaa madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida Prezidentimizning kitobxonlik siyosatiga oid qarorlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Maktabda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning ma’nan yetuk shaxs bo‘lib yetishishlari, o‘quvchilarni kitobga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida kitobxonlar klubi tashkil etilgan bo‘lib, klubga a’zo o‘quvchilar o‘z mablag‘larini yig‘ib, ushbu mablag‘lar hisobidan badiiy adabiyotlar sotib oladilar va ushbu kitoblarni o‘qib chiqib, klub a’zolari bilan tashkil etiladigan klub uchrashuvlarida o‘zaro muhokama qiladilar va o‘qib bo‘lingan kitoblarni ko‘ngilli tarzda maktab kutubxonasiga esdalik uchun topshiradilar. Bugunga kelib klub a’zolari xalq og‘zaki ijodi, o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara o‘ndan ortiq asarlarini o‘qib, o‘zaro klub uchrashuvlarida tahlil qilib ulgurdilar. Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish joizki, klub faoliyati yozgi ta’til vaqtida ham davom etmoqda. Kitobxonlar ta’til uchun har oyda ikkitadan kitob o‘qishni rejalashtirganlar. Maktab faoliyatida bunday tizimning yo‘lga qo‘yilganligi nafaqat kitob targ‘ibotini kengaytirishga, balki ta’lim sifatining yanada yaxshilanishi, o‘quvchilarda ma’naviy-ahloqiy sifatlarning yuksalib borishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mamlakatning kichik bir bo‘g‘ini sifatida maktabda erishilayotgan ushbu kichik yutuqlar kishini quvontiradi. Zero, kichik-kichik qadamlar katta-katta muvaffaqiyatlar uchun poydevor vazifasini o‘taydi.
Аstanaliyeva Munira
Namangan viloyati
Yangiqo'rg'on tumani
1-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabi o'qituvchisi