Mustaqillikning 35 yilligi: taraqqiyot, ta’lim va kelajak sari dadil qadamlar
Istiqlol — o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi, milliy o‘zlik va buyuk kelajak sari ochilgan yo‘ldir. Har bir xalq tarixida uning taqdirini tubdan o‘zgartirgan, kelajagiga yangi mazmun baxsh etgan muhim sanalar bo‘ladi. O‘zbekiston uchun 1991-yil 31-avgust ana shunday buyuk tarixiy burilish bo‘ldi. Shu kuni mamlakatimiz davlat mustaqilligini e’lon qildi. Oradan o‘tgan 35 yil davomida O‘zbekiston siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy hayotning turli jabhalarida o‘z taraqqiyot yo‘lini shakllantirib bordi.
2026-yil 2-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib o‘tkazish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Yubiley tadbirlari “Bitta Vatan, bitta xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Mustaqillikning 35 yilligi doirasida yurtimizning turli hududlarida qator ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar tashkil etilishi, “Vatan fidoyilari” ramziy monumenti eskiz loyihasini ishlab chiqish va uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarda 2026–2030-yillarda barpo etiladigan umummilliy birdamlik bog‘larining markaziy qismiga o‘rnatish, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari va erishilgan yutuqlarni aks ettiruvchi “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomni tayyorlash kabi muhim vazifalar belgilangan.
Avgust oyida Toshkent shahrida “Mustaqil O‘zbekiston — 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi, avgust–sentabr oylarida esa xorijdagi vatandoshlar hamda o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida “Mustaqil O‘zbekiston — g‘ururim, iftixorim” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
2026-yilda nishonlanayotgan Mustaqillikning 35 yilligi ana shu murakkab va sharafli yo‘lga nazar tashlash, erishilgan natijalarni sarhisob qilish hamda kelajak oldidagi ulkan vazifalarni belgilash uchun muhim tarixiy imkoniyatdir.

Har qanday davlatning ertangi kuni uning bugun yosh avlodga berayotgan ta’limi bilan chambarchas bog‘liq. Chunki bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor va vatanparvar avlod mamlakat taraqqiyotining eng katta boyligidir.
Shu ma’noda, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ta’lim tizimini takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ta’limning barcha bosqichlari, jumladan, oliy ta’lim tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bugun oliy ta’lim muassasasi faqat diplom beradigan maskan emas. U ilm-fan, innovatsiya, tafakkur va yangi g‘oyalar markazi bo‘lishi kerak. Zamonaviy universitetning asosiy vazifasi talabaga tayyor bilim berish bilangina cheklanmay, uni mustaqil fikrlashga, izlanishga, muammolarga yangicha yondashishga va egallagan bilimlarini amaliyotda qo‘llashga o‘rgatishdan iborat.
Bugungi oliy ta’lim tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanish, zamonaviy pedagogik metodlarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda ilm-fan va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, raqamlashtirish jarayoni universitetlar faoliyatiga tobora chuqur kirib bormoqda. Zamonaviy texnologiyalar ta’lim resurslaridan foydalanish, masofaviy ta’lim, elektron boshqaruv va ilmiy hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirmoqda. O‘zbekistonda raqamli transformatsiyaning yangi bosqichi, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor oliy ta’lim oldiga ham yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Buxoro davlat universitetida kompyuter lingvistikasi yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlarining yo‘lga qo‘yilgani, shuningdek, ilmiy darajalar beruvchi ixtisoslik kengashining tashkil etilgani bunga yaqqol misoldir.
O‘zbek tilshunosligi va jurnalistika kafedrasida 2026-yilda 7 ta fan doktori (DSS) va 2 ta falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining muvaffaqiyatli himoya qilingani ham ilmiy salohiyat va tadqiqotlar ko‘lamining tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Oliy ta’limdagi islohotlar haqida gapirganda, professor-o‘qituvchining o‘rnini alohida ta’kidlash lozim. Zamonaviy universitetda o‘qituvchi nafaqat bilim beruvchi, balki talabaning ilmiy va ijodiy izlanishlariga yo‘l ko‘rsatuvchi mentor, tadqiqotchi va innovator sifatida maydonga chiqmoqda.
Shu sababli professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, xorijiy tajribani o‘rganish, malaka oshirish, ilmiy tadqiqotlarga jalb etish va akademik mobillik imkoniyatlarini kengaytirish oliy ta’lim sifatini oshirishning muhim shartlaridan biridir.
Oliy ta’lim tizimi oldida turgan muhim vazifalardan yana biri — ta’lim mazmunini mehnat bozori ehtiyojlari bilan yanada uyg‘unlashtirishdir. Chunki bugungi ish beruvchi faqat nazariy bilimga ega mutaxassisni emas, balki amaliy ko‘nikma, raqamli savodxonlik, tahliliy va tanqidiy fikrlash, muloqot madaniyati hamda jamoada ishlash qobiliyatiga ega kadrni izlamoqda. Shu bois kelajak oliy ta’limida “diplom uchun o‘qish” emas, “bilim va kompetensiya uchun o‘qish” tamoyili ustuvor bo‘lishi kerak.
Mustaqillikning 35 yilligi haqida gapirganda, albatta, yoshlar haqida so‘z yuritish lozim. Chunki bugungi yoshlar ertangi O‘zbekistonning qiyofasini belgilaydi.
Yoshlarning zamonaviy bilim olishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, ilm-fan va texnologiyalarga qiziqishi, xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etishi uchun imkoniyatlarning kengayishi mamlakatning kelajakdagi intellektual salohiyatini oshiradi.
Biroq imkoniyatning o‘zi yetarli emas. Undan samarali foydalanish ham zarur. Yosh avlod zimmasida bilim olish, izlanish, yangilik yaratish, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish kabi katta mas’uliyat bor.
Mustaqillikning 35 yilligi — ortga qarab, erishilgan natijalardan faxrlanish bilan birga, oldinda hali bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarni ham anglash davridir.
Oliy ta’lim tizimining istiqboli, avvalo, ta’lim sifatini yanada oshirish, universitetlarning xalqaro raqobatbardoshligini kuchaytirish, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va yoshlarning innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq.
Kelajakda universitetlar nafaqat milliy, balki xalqaro ilmiy-ta’lim maydonining faol ishtirokchisiga aylanishi, O‘zbekiston olimlari va yosh tadqiqotchilarining xalqaro ilm-fan hamjamiyatidagi mavqeyi yanada mustahkamlanishi muhim. Zero, bugun universitet auditoriyasida o‘tirgan talaba — ertaga olim, muhandis, shifokor, pedagog, jurnalist, davlat xizmatchisi yoki tadbirkor sifatida mamlakat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Mustaqillikning 35 yilligi bizni bir haqiqat haqida chuqurroq o‘ylashga undaydi: kelajak o‘z-o‘zidan bunyod bo‘lmaydi. Uni bugungi avlodning bilimi, mehnati, mas’uliyati va ezgu intilishlari yaratadi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin! Yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, ta’limimiz taraqqiyparvar, ilm-fanimiz, kelajagimiz esa yanada porloq bo‘lsin!
Nafisa Hamroyeva,
Filologiya fanlari doktori (DSC),
Buxoro davlat universiteti dotsenti