Mustaqillikka tengdosh Qorako‘l maktabi
(Birinchi maqola)
Bundan roppa-rosa 20 yil muqaddam xalq orasida “Qorako‘l litseyi” nomi bilan tanilgan maktab-internatiga o‘qishga kirish uchun tinmay o‘qib, tayyorgarlik ko‘rardim, umumta’lim maktabimizning tarix hamda ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilarining uyiga qatnab, ushbu fanlarni puxta o‘rganishga harakat qilardim. Har oyning oxirida bo‘ladigan saralash imtihonlarida yuqori ball olishim kerak, keyingi bosqich imtihonlarida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritishim shart, degan maqsad menga tinchlik bermasdi, jon-jahdim bilan harakat qilishga undardi...
Bir o‘quv yili davomidagi bosqichma-bosqich imtihonlarda yuqori ball to‘plab, 2002 yil ushbu o‘quv dargohiga o‘qishga kirganim, bu quvonchdan terimga sig‘mas darajada quvonganim, mendan ham ko‘ra doim o‘qishimga shart-sharoit yaratib bergan pedagog ota-onamning xursandchiligi hali-hamon kechagiday ko‘z o‘ngimda. Men kabi baxtga muyassar bo‘lgan tengdoshlarim ham butun oila a’zolari bilan xursand bo‘lib, litsey hovlisida zavqu shavqqa to‘lib, bir-birlarini tabriklagani, bir tomonda esa omadi chopmagan o‘quvchilarning yig‘i-sig‘isi, ustozlar esa ularga dalda berib, yupatishga uringanlari... Barcha-barchasi o‘smir qalbimga muhrlangan, ko‘z oldimda qolgan shirin xotiralardir.
Ushbu dargoh bizgacha ham, bizdan keyin ham bitirib ketgan minglab o‘g‘il-qizlarning aniq kasb egallashiga, hayotda, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga, o‘z sohasida muayyan bir natijalarni qo‘lga kiritishiga katta poydevor, zamin bo‘lgan va bo‘lib kelmoqda. Direktorimiz, Qorako‘l maktabining asoschisi, O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi, “El-yurt hurmati” ordeni va “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi (afsuski, bir necha kun avval fidoyi ustozimiz rahmatli bo‘ldilar, oxiratlari obod bo‘lsin) To‘xtamurod Jumayevning, direktor o‘rinbosarlari, maxsus fan o‘qituvchilarimiz, qo‘yingki, butun litsey jamoasining pand-nasihatlari, o‘gitlari, maktab-internatda o‘rnatilgan maxsus tartib-intizom bu dargohdan chiqqan barcha yoshlar uchun hali-hamon mayoq bo‘lib xizmat qilayotgani shubhasiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yilda O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ushbu dargoh haqida alohida to‘xtalgan edi: “Qorako‘l tumanida hammamizga ma’lum bir maktab bor. Bu maktabni mashhur qilgan fidoyi muallim To‘xtamurod Jumayev nomini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ajoyib pedagog o‘zining tinimsiz izlanishi, yangi ta’lim metodikasi bilan oddiy bir qishloq maktabini respublika darajasidagi mashhur ta’lim dargohiga aylantirdi. Holbuki, ushbu maktab Buxoroning olis cho‘l tumanida joylashgan bo‘lib, zamonaviy sharoitga, qulay imkoniyatlarga ham ega emas edi. Bugun ushbu maktab bitiruvchilarining 95 foizdan ortig‘i oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiryapti. Xalqaro olimpiadalardan eng ko‘p medal olib kelayotganlar ham aynan shu maktabning o‘quvchilari hisoblanadi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan, hatto poytaxt Toshkentdan ham odamlar o‘z farzandini Qorako‘lga olib borib, ana shu maktabga o‘qishga beryapti. Biz bu ta’lim maskani erishayotgan katta yutuqlarni inobatga olib, o‘tgan yili uni Xalqaro matematika maktabiga aylantirdik...”
Darhaqiqat, Qorako‘l maktabi o‘ziga xos ta’lim uslubi, metodikasi, qolaversa, qat’iy tartib-intizom o‘rnatilgani bilan katta yutuqlarga erishib kelmoqda. Bu yutuqlar zamirida maktab asoschisi, ustozimiz To‘xtamurod Jumayevning xizmatlari, mustaqillikning ilk yillarida tashkil qilingan paytdagi qiyinchiliklari, zahmatlari, fidoyiligi, jonkuyarligi mujassam. Bu fidoyi insonning shaxsiyati, maktab muvaffaqiyatlari zamiridagi mehnatlari, shogirdlar xotirasida muhrlangan siymosi haqida keyinroq batafsil to‘xtalish niyatim bor.

Bu gal esa Qorako‘l maktabining muvaffaqiyatlari, erishayotgan natijalari, ta’lim metodikasi haqida aytmoqchiman. Mustaqilligimiz yoshi bilan teng, istiqlol bilan barobar odimlab, rivojlanib kelayotgan bu maktabga dastlabki tashkil qilingan paytlarda shubha bilan qaraganlar, bolasini hafta davomida o‘qishga berib yuborishga cho‘chib, ikkilanganlar ham bo‘lgan (Bu haqda keyinchalik ustozimiz To‘xtamurod Jumayev ko‘p xotirlar, muloqot tarzidagi yig‘ilishlarda gapirib berardilar). Ammo to‘g‘ri tanlangan o‘qitish metodikasi, o‘z kasbining fidoyisi, bilimdoni bo‘lgan ustozlarning zahmatli mehnatlari o‘z samarasini berib, maktab-internatning dastlabki qaldirg‘ochlari yuqori natijalarni ko‘rsata boshladi. Bu esa asta-sekin odamlarda ishonch paydo qilib, farzandini shu maktabga berish istagidagi insonlar safi, bu maskanda ta’lim olish orzusidagi o‘quvchilar soni ortib bordi. Shu-shu ushbu dargoh o‘z o‘quvchilarining oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari, xalqaro fan olimpiadalaridagi shoda-shoda medallar bilan “Jahonga yuz tutgan maktab” nomini oldi.
164-ixtisoslashtirilgan litsey, Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internati, Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-akademik litsey kabi shakllarda faoliyat yuritgan maskan 2009 yilda 52-sonli “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi” ko‘rinishida tashkil etilgan. Buxoro viloyati hokimligining buyrug‘i bilan 2014 yil 1 sentyabrdan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi 1-son “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati”ga aylantirildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 avgustdagi “Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida “Xalqaro matematika maktabi”ni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Xalqaro matematika maktabi sifatida qayta tashkil etildi.
2014 yildan boshlab ushbu maktab direktori sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan Temir Ro‘ziyev bilan telefon orqali bog‘lanib, maktab faoliyati, erishayotgan yutuqlari haqida batafsil ma’lumot olishga harakat qildik. (Suhbatimiz avvalida domlamiz samimiylik bilan maktabga taklif qildi. Ustozimiz bugungi maktab ko‘rinishi, yangi ishga tushayotgan zamonaviy binosi, dargohning natijalari bilan tashrif buyurgan holda tanishilsa, yuzma-yuz suhbat qurilsa, yaxshiroq bo‘lishini aytganlarida, ayniqsa, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan biz kabi sobiq bitiruvchilarning maktabga tashrifi o‘quvchilarga katta motivatsiya bo‘lishini ta’kidlaganlarida, ochig‘i, juda xijolat chekdim. Albatta, yaqin orada ta’lim olgan qadrdon dargohimga, menga qanot bo‘lgan, doim ilhom bag‘ishlagan litseyimga borishni, ustozlarimiz diydoriga to‘yib, ularga yana bir bor minnatdorchilik bildirishni qalbimga tugdim.)

— Bugun yurtimizda ta’lim-tarbiya jarayonlariga davlatimiz rahbari boshchiligida juda katta e’tibor qaratilib, yosh avlodning zamonaviy bilim olishi uchun barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratib berilmoqda, — deydi Xalqaro matematika maktabi direktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Temir Ro‘ziyev. — Jumladan, bizning Xalqaro matematika maktabimiz uchun ham barcha zamonaviy qulayliklarga ega yangi bino barpo etilgani, joriy o‘quv yilidan boshlab ushbu yangi binoda faoliyat boshlashimiz dargohimiz jamoasi va o‘quvchilarimizga yanada rag‘bat bo‘lmoqda.
Maktabimizda o‘qish istagida bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimiz soni yildan-yilga ortib bormoqda. Ayni paytda o‘quvchilar sig‘imi 370 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, 460 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olib kelmoqda. O‘quv dargohiga qabul har yili iyun-iyul oylarida dastlab o‘quvchilardan hujjatlarni qabul qilish ko‘rinishida, avgust oyida esa Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi. 2021-2022 o‘quv yili uchun umumta’lim maktablarining 6-sinfini tamomlagan 90 nafar o‘quvchini qabul qilish rejalashtirilgan.
2019 yilda Xalqaro matematika maktabi sifatida qayta tashkil etilganidan buyon maktab o‘quvchilari xalqaro olimpiadalarda 20 ta oltin, 9 ta kumush va 9 ta bronza medal sohibi bo‘ldi. 2021 yil 7-13 yanvar kunlari Olma-ota shahrida onlayn tarzda o‘tkazilgan Jautikov nomidagi matematika, informatika va fizika fanlaridan an’anaviy xalqaro olimpiadasida 18 ta davlatdan 1200 dan ortiq o‘quvchi o‘zaro bellashishdi. Mazkur olimpiadada Xalqaro matematika maktabimizdan jami 7 nafar o‘quvchi ishtirok etib, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, joriy yil 13-14 mart kunlari Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan Respublika “Qo‘qon olimpidasi”da 9-sinf o‘quvchimiz 8-9 sinflar orasida 1-o‘rinni egallab, Neksiya-3 avtomobili sohibi bo‘ldi. Yana shu kuni Rossiyaning Agediya shahrida bo‘lib o‘tgan matematika fanidan “Kavkaz olimpiadasi”da ikki nafar o‘quvchimiz onlayn ishtirok qilib, 1 tadan kumush va bronza medali sovrindori bo‘ldi. Bundan tashqari, shu yil 23-24 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq talim vazirligi tomonidan 7-8-sinflar o‘rtasida o‘tkazilgan respublika “Al-Xorazmiy” olimpiadasida 8-sinf o‘quvchimiz O‘lmasjon Xudoyberdiyev, 6-7 may kunlari Buxoro shahrida matematika fanidan o‘tkazilgan Respublika olimpidasida 11-sinf o‘quvchimiz Sevara Ostonova faxrli 1-o‘rinlarni egalladi. Shu o‘rinda yana bir tashabbusni aytib o‘tsam, 2019 yilda respublika bo‘yicha “To‘xtamurod Jumayev nomidagi Qorako‘l matematika olimpiadasi” tashkil etilib, respublikamizdan 1300dan ortiq o‘quvchi yoshlar o‘zaro bellashishdi. Olimpiadaning Toshkent shahrida o‘tkazilgan respublika bosqichida Qorako‘l xalqaro matematika maktabimizdan 25 nafar o‘quvchi ishtirok etib, olimpiadaning mutloq g‘olibi bo‘lishdi. Ustozimiz nomidagi ushbu olimpiadani davom ettirish niyatidamiz, — deydi domla.
Darhaqiqat, ushbu maktabning yutuqlari, o‘quvchilar erishayotgan natijalar haqida uzoq davom ettirish mumkin. Bular ayni paytda maktabda faoliyat olib borayotgan 52 nafar fidoyi ustozning salohiyati, mehnati samarasi, maskanning o‘ziga xos metodikasi bergan mevalar ekanligi bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, shaffof va adolatli qabul jarayoni, jamoadagi ishchanlik ruhi, sog‘lom muhit, yosh va yuqori salohiyatga ega pedagoglarning ko‘pligi bilan baholash mumkin. Qolaversa, maktab tajribasida ota-onalar bilan hamkorlikda ishlash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
— O‘zlashtirishida kamchiliklar kuzatilayotgan o‘quvchilarning ota-onalari maktab ma’muriyati tomonidan ogohlantiriladi, qo‘shimcha mashg‘ulotlarga jalb qilinadi, — deydi maktabning o‘quv tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari G‘ayrat Qulliyev. — Aksincha, o‘zlashtirishda namunali, yutuqlarga erishayotgan, maktab-internat sha’nini respublika va xalqaro olimpiadalarda munosib himoya qilayotgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari ma’muriyat tomonidan rag‘batlantirib boriladi. Bu esa o‘quvchilarimizda o‘z ustida yanada ko‘proq ishlash ishtiyoqini oshiradi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlashim joizki, ustoz-murabbiy va o‘quvchilarning birgalikdagi mehnatlari evaziga qo‘lga kiritilayotgan yuksak natijalar davlatimiz tomonidan ham e’tirof etilayotgani e’tiborga molik. 2019 yil 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan Xalqaro maktabimiz direktori Temir Ro‘ziyev “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan o‘quvchimiz Sevara Ostonova “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti bilan, 2019 yil 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan maktabimizning 9-sinf o‘quvchisi Doniyor Ismoilov, joriy yilda esa 9-sinf o‘quvchisi Anvar Rahmatov “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandilar. Davlatimizning bu kabi mukofotlari butun jamoamizni yanada ruhlantirib, bundan-da yuksak natija va marralarni qo‘lga kiritishga chorlamoqda.
Bugun Qorako‘l xalqaro matematika maktabining tajribasi, ta’lim metodikasi mamlakatimiz bo‘ylab andoza sifatida o‘rganilmoqda hamda ana shu kabi ilg‘or maktablar tashkil etilmoqda. Bu haqda Prezidentimiz O‘qituvchi va murabbiylar kunidagi nuqtida shunday degan edi: “Qorako‘l maktabi biz uchun zamonaviy maktabning haqiqiy andozasi emasmi? Nima uchun Xalq ta’limi vazirligi uning noyob tajribasini yetarlicha ommalashtirmayapti? Nima uchun boshqa maktab direktorlari bu ta’lim dargohidan ibrat olmayapti?... Nima uchun boshqa viloyatlarda, deylik, Andijonda, Farg‘ona, Samarqand, Xorazm yoki Qarshida, Jizzax va Sirdaryoda bunday maktablar yo‘q? Vaholanki, bugungi kunda bizga mana shunday yuzlab maktablar, o‘z kasbining chinakam ustasi va fidoyisi bo‘lgan minglab murabbiylar suv bilan havoday zarur”.
Darhaqiqat, ushbu dargohning mamlakatimiz ta’lim tizimida tutgan o‘rni beqiyos. Uning “Qorako‘l maktabi”, degan e’tirofga sazovor bo‘lishi, butun respublika bo‘yicha andoza sifatida ko‘rsatilishi zamirida 30 yillik tajriba, fidoyi ustozlarning mehnatlari mujassam. Davlatimiz rahbarining har bir tumanda kamida bittadan mana shunday maktab yaratish bo‘yicha bergan topshirig‘iga asosan bugun hududlarda Qorako‘l maktablari tashkil etilib, uning tajribasi ommalashtirilmoqda. Bu esa maktab jamoasi zimmasiga ham yanada zalvorli mas’uliyat yuklab, o‘z tajribalarini yanada boyitish, yutuq va samarali natijalar salmog‘ini oshirishga undaydi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA