“Mustaqillik soati” ma’rifiy-siyosiy tadbiri tashkil etildi
Bu yil mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanadi. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unda bir qator chora-tadbirlar belgilab berildi.
Mazkur qaror ijrosi doirasida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi “Davlat ekologik ekspertizasi” davlat muassasasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamkorligida “Mustaqillik soati” ma’rifiy-siyosiy tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda Qonunchilik palatasi deputati Navro‘zbek Yusupov ma’ruza qilib, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar hamda konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati, erishilayotgan natijalar xususida batafsil to‘xtaldi.
Deputat konstitutsiyaviy islohotlar haqida tushunchalar berar ekan, Bosh qomusimizning yangi tahriri asosida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, ekologik xavfsizlikni kuchaytirish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish hamda jamiyat va davlat hayotida parlamentning rolini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirda mustaqilligimizning 35 yilligini munosib tarzda nishonlash, islohotlar samaradorligiga hissa qo‘shish, yoshlarning bu boradagi faolligini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.
M.Komilova,
O‘zA