Mustaqillik shukuhi: mehnat va sport uyg‘unligidagi e’tirof
Mustaqillikning 35 yilligi yurtimizda taraqqiyotga munosib hissa qo‘shayotgan insonlar mehnatini qadrlash, ularning fidoyiligini e’tirof etish va jamoalarda hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar bilan keng nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan “Hududgazta’minot” AJ markaziy apparatida ham bayram tadbirlari tashkil etildi. Unda soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan xodimlarni rag‘batlantirish bilan bir qatorda, jamoa a’zolari o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazildi.
Tadbirda gaz ta’minoti sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan, kasbiy mahorati va fidoyiligi bilan alohida ajralib turgan bir guruh mutaxassislar mazkur tashkilot hamda Energetika vazirligining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Faxriy yorliqlarni mazkur tashkilot boshqaruvi raisi o‘rinbosari Tohirjon Turdiyev tantanali ravishda topshirdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, gaz ta’minoti tizimining barqaror faoliyati va iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishda erishilayotgan natijalar, avvalo, o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashayotgan malakali mutaxassislar mehnati bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois sohada ko‘p yillar samarali mehnat qilib, o‘z tajribasi va salohiyati bilan tizim rivojiga hissa qo‘shayotgan xodimlarni rag‘batlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
–Bugun taqdirlangan xodimlarimiz o‘z mehnati, tajribasi va kasbiy salohiyati bilan gaz ta’minoti tizimining rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ularning ko‘p yillik samarali faoliyati, mas’uliyati va fidoyiligi, shubhasiz, e’tirofga loyiq. Bunday insonlarning mehnatini qadrlash va qo‘llab-quvvatlash jamoada yangi marralarga intilish uchun muhim rag‘bat bo‘ladi.
Ayni paytda soha taraqqiyoti faqat zamonaviy texnologiya va yangi yondashuvlar bilan emas, balki malakali va tashabbuskor kadrlar salohiyati bilan ham belgilanadi. Shuning uchun xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish va jamoada sog‘lom muhitni shakllantirishga alohida e’tibor qaratyapmiz.

Bugungi tadbir doirasida sport musobaqalarining tashkil etilgani ham bejiz emas. Bunday bellashuvlar xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bilan barobarida, hamkasblar o‘rtasida do‘stona munosabat va jamoaviy hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi. Eng muhimi, mehnatda ham, sportda ham o‘zini namoyon etish uchun xodimlarga rag‘bat va imkoniyat yaratadi, – dedi T.Turdiyev.
Shuningdek, Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan markaziy apparat xodimlari o‘rtasida stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha sport musobaqalari tashkil etildi.
Qizg‘in va do‘stona ruhda kechgan bellashuvlarda ishtirokchilar o‘z mahoratlarini namoyish etdi. Musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA