Mustaqillik – mehr-saxovat bayrami hamdir
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, mudofaa ishlari tuman bo‘limlari va boshqa hamkor tashkilotlar front orti mehnat faxriylari, yotib qolgan, o‘zgalar qaroviga muhtoj qariyalar, xizmat vazifasini o‘tayotgan chog‘ida jarohat olgan harbiylar holidan xabar olib, ularga sovg‘alar ulashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan “El aziz, inson aziz” shiori ostida harbiy xizmat vaqtida jarohatlanib, hozirgi kunda shu tumanda istiqomat qiluvchi nafaqadagi harbiy xizmatchilar holidan xabar olinib, pul mablag‘i hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Tumandagi “Toshkentlik” MFYda yashovchi front orti va shu vatanimiz, xalqimiz uchun xizmat qilgan mehnat faxriylarga bayram sovg‘alari ulashildi. Shuningdek, “G‘ozg‘ontepa”, “Umar” MFYlarida ham MFY raisi, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari ishtiorkida mahalladagi yoshi ulug‘, yotib qolgan, o‘zgalar qaroviga muhtoj, nogiron keksalar holidan xabar olindi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan xuddi shunday xayr saxovat tadbirlari Sharof Rashidov tumanining boshqa qishloq va mahalla yig‘inlarida ham davom etmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat) O‘zA