Mustaqillik bayrami arafasidagi unutilmas sayohat
Yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida qalblarga quvonch, yuzlarga tabassum ulashadigan, inson qadri va mehr-oqibatni yana bir bor namoyon etadigan ezgu tashabbuslar tobora keng quloch yozmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan inson qadrini ulug‘lash, aholining turli qatlamlariga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar va bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu g‘oyalar bugun hayotimizda amaliy ifodasini topmoqda.
Ana shunday xayrli tashabbuslardan biri Buxoro viloyati bojxona boshqarmasiga biriktirilgan Buxoro shahridagi “Muruvvat” internet uyining nogironligi bo‘lgan tarbiyalanuvchilari uchun tashkil etilgan sayohatda yana bir bor o‘z ifodasini topdi.
Mustaqillik bayrami arafasida internat uyi tarbiyalanuvchilari Buxoro shahridagi so‘lim va betakror “Varnet” eko bog‘iga unutilmas sayohat uyushtirishdi.

Tabiat qo‘ynidagi ushbu go‘zal maskanga tashrif bolajonlar uchun oddiy sayr emas, balki qalblarida uzoq vaqt saqlanib qoladigan quvonchli xotiralarga boy bir kunga aylandi.
Eko bog‘ning fayzli muhiti, yashil manzaralari va xushmanzara go‘shalari bolajonlarda katta taassurot uyg‘otdi. Ular tabiat bag‘rida sayr qilib, turli ko‘ngilochar tadbirlarda ishtirok etdilar, bir-birlari bilan samimiy muloqotda bo‘lib, mazmunli vaqt o‘tkazdi. Ayniqsa, bolajonlarning beg‘ubor kulgisi, quvonchdan porlagan ko‘zlari va yuzlaridagi samimiy tabassum ushbu xayrli tashabbusning eng katta samarasi bo‘ldi. Zero, ba’zan bir og‘iz iliq so‘z, bir lahza e’tibor yoki samimiy g‘amxo‘rlik inson qalbida katta iz qoldiradi. Bolalarga bag‘ishlangan ana shunday quvonchli lahzalar esa ularning dunyoqarashi, kayfiyati va ertangi kunga bo‘lgan ishonchiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ahamiyatlidir.
Bugun mamlakatimizda “inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil hayotimizning barcha jabhalarida tobora chuqur qaror topmoqda. Bu tamoyilning mohiyati faqat moddiy yordam yoki ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish bilangina cheklanib qolmay, har bir insonni e’zozlash, uning qalbiga yo‘l topish, quvonchiga sherik bo‘lish va o‘zini jamiyatning ajralmas bir qismi sifatida his qilishi uchun sharoit yaratishda namoyon bo‘ladi.

“Yagona Vatan, yagona xalq” degan tushuncha ham, avvalo, ana shu mehr va birdamlikdan kuch oladi. Zero, Vatan birligi — umumiy maqsadlarda, xalq birligi — o‘zaro mehr-oqibatda, jamiyat taraqqiyoti esa insonga bo‘lgan e’tiborda namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, “Muruvvat” internat uyi tarbiyalanuvchilari uchun tashkil etilgan mazkur sayohatning mazmun-mohiyati nihoyatda teran. U bolajonlarga bir kunlik quvonch ulashish bilan birga, ularga “Siz hamisha e’tibor va mehr markazidasiz, siz biz uchun qadrlisiz” degan ezgu tuyg‘uni his ettirdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri