Mustaqil energetika tizimiga erishish yo‘lida
Har bir davlat iqtisodiyoti ravnaqi uchun energetika sohasini isloh qilish muhim hisoblanadi. Shu sababli, barcha mamlakatlar bu tizimning barqarorligini ta’minlashda o‘ziga xos uslubni tanlaydi. Masalan, Yaponiyani oladigan bo‘lsak, bu davlat mustaqil energetika tizimiga erishish yo‘lida eng katta sarmoya sarflashdan sira cho‘chimagan. Buning natijasida bugun Yaponiya mustaqil energetika tizimini yarata olgan.
Xo‘sh, energetika tizimini isloh qilish uchun Turkiya qanday yo‘lni tanladi? Bugun ushbu davlatda energetika barqarorligiga erishilganmi?
Ushbu savollar bilan biz Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Imomjon HAMIDOVGA yuzlandik.
– bugungi kunda deyarli ko‘pgina mamlakatlarda energetika tizimida muammolar yuzaga kelayotgani kuzatilmoqda, – dedi I.Hamidov. – O‘z navbatida, ularda bu muammolar yechimiga ham choralar ko‘rilayapti. Joriy yilning ikkinchi o‘n kunligidan boshlangan qahraton sovuq kunlari mamlakatimiz energetika tizimi ta’minotidagi uzilishlar ham ushbu sohada yechimini kutayotgan muammolarning mavjudligini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi.
Shundan kelib chiqib, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar energetika tizimini tahlil qilishga yanada jiddiy kirishildi. Xususan, bu jarayonda Braziliya, Meksika, Filippin, Armaniston, Keniya hamda Turkiya davlatlarining tajribalari o‘rganildi. Misol tariqasida, Turkiya davlatida energetika sohasi qanday isloh qilinganiga e’tibor qarataylik.
Turkiyada islohotlar boshlanishidan avval elektr energetikasi sohasi davlatga tegishli bo‘lgan. Ushbu tizim barcha yo‘nalishlarini o‘zida birlashtirgan kompaniya tomonidan boshqarilgan. 1970 yildan energetika sohasini nazorat qilib kelayotgan Turkiya elektr energetikasi boshqarmasi 2009-2013 yillardagi islohotlar natijasida ikkita alohida davlat tashkilotiga bo‘linadi. Bular Turkiya elektr energiyasini ishlab chiqarish, yetkazib berish va Turkiya elektr energiyasini taqsimlash davlat kompaniyalaridir. Sohadagi dastlabki islohotlar 1980-yillarda Turkiyada bozor iqtisodiyotiga o‘tishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar bilan bir vaqtda boshlangan.
Mazkur keng ko‘lamli islohotlar boshlanishidan avval Turkiyada iqtisodiy siyosatni belgilashda davlat markaziy o‘rinni egallar va uning ta’siri katta edi. Xususan, davlat iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlari hisoblangan energetika sohasi, telekommunikatsiya, neft kimyosi, temir va po‘lat ishlab chiqarish sanoati ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan edi. 1970 yilda to‘lov balansida kuzatilgan jiddiy inqiroz Turkiyada mahalliy bozorlar va tashqi savdoni jadal sur’atlarda erkinlashtirish hamda davlatning iqtisodiyotga aralashuvini cheklash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar boshlanishiga turtki bo‘ldi.
Xo‘sh, Turkiya energetikasi sohasida qanday islohotlarni amalga oshirdi? Birinchi qadam, bu elektr energiyasi uchun oshib borayotgan talabni qondirish va davlat byudjeti parametrlarini yaxshilashdir. Bunda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va iste’mol qiluvchi ikki taraf uchun ham beriladigan subsidiyalarni tugatish maqsad qilindi. Elektr energiyasi uchun uzluksiz subsidiya berish va kelajakdagi talabni qondirish uchun davlatning moliyaviy imkoniyatlari yetarli emas edi.
Ikkinchi qadam, elektr energetikasi sohasidagi samaradorlikni oshirishdir. Xususiy sektorning jalb qilinishi raqobatni kuchaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, monopoliya tufayli yuzaga keladigan samarasizlikni kamaytirish imkonini berdi.
Uchinchi qadam, Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi uchun dastlabki talablarni bajarish. Islohotlar o‘tkazish zarurati haqida ko‘plab xalqaro institutlar bong urishni boshladi va ushbu institutlar Turkiyadagi islohotlar jarayonida ishtirok etishidir.
Shu tarzda, Turkiya islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha jiddiy qadamlar tashladi va elektr energetikasi sohasiga investitsiya jalb qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va raqobatni qo‘llab-quvvatlashga kirishdi.
Xususiy sektorning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan dastlabki qonun hujjati 1984 yilda ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi. 1993 yilda Turkiyaning elektr energetikasi sohasini nazorat qiluvchi yagona tizimni bir necha yo‘nalishga ajratish boshlandi. Ijobiy natijalar kutilganidan sekin olina boshlandi. Chunki davlatning hukmron mavqei saqlanib qolayotgan edi. 1994 yilda xususiy sektorga egalik huquqini sotish jarayoni Konstitutsion sud tomonidan to‘xtatildi. Shundan so‘ng 1999 yilda xususiylashtirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha konstitutsiyaga tuzatishlar kiritildi.
2001 yilda Turkiya hukumati “Elektr energetikasi bozori to‘g‘risida”gi qonunni amaliyotga tatbiq qilish asosida elektr energetikasi sohasida keng ko‘lamli islohotlarni boshladi. Asosiy maqsad sifatida xususiy investitsiyalarni jalb qilish, samaradorlikni oshirish orqali jadal oshib borayotgan talabni qondirish hisobiga mamlakatdagi energetika xavfsizligini ta’minlash etib belgilandi. Davlatga tegishli tashkilotlar biznes faoliyati yo‘nalishlariga ajratildi. Jumladan, ishlab chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash, ulgurji va chakana miqdorda sotish kabi faoliyat yo‘nalishlari vujudga keldi.
2002-2007 yillar orasida elektr energiyasi uchun talab oshib bordi, biroq tariflar o‘zgarishsiz qoldirildi. Mazkur davrda elektr energetikasi sohasida tizimli o‘zgarishlar yuz berganligi, elektr energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari sezilarli darajada oshganligiga qaramasdan tariflar o‘zgartirilmadi. Narx va xarajat orasidagi tafovutning ortib borishi, elektr energetikasi sohasidagi infratuzilmani ta’mirlash va yangi investitsiyalar kiritish uchun davlatning moliyaviy imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi. Bundan tashqari, ushbu davrda past narx hisobiga elektr energiyasi uchun talab keskin oshib ketdi.
Yuzaga kelayotgan muammoni bartaraf etish maqsadida hukumat elektr energetikasi sohasida xarajatlarni to‘liq qoplashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. 2008 yilning yanvar oyida elektr energiyasi uchun tariflar avvalgi yildagiga nisbatan 20 foizga oshirildi. Mart oyida esa hukumat xarajatga asoslangan narxlarni belgilash mexanizmini joriy qildi va narxlar har chorakda taklifga moslab o‘zgartirib borildi. Narx belgilashning yangi mexanizmi 2008 yilning iyul oyidan so‘ng o‘z samarasini ko‘rsata boshladi. Ushbu davrda elektr energiyasi narxi 50 foizga oshgan bo‘lsa-da, uy xo‘jaliklarining turmush darajasiga ko‘rsatgan ta’siri deyarli sezilmadi.
Elektr energetikasi tizimidagi islohotlar davrida Turkiya muayyan yumshatish choralarini joriy qilmadi. Subsidiyalarning bekor qilinishi aholining kambag‘al qatlami hayotiga kuchli salbiy ta’sir qilmasligi uchun davlatning amaldagi ijtimoiy himoya dasturi doirasida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rildi.
Xulosa qilib aytganda, iqtisodiyotni erkinlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamdagi islohotlar elektr energetikasi sohasidagi islohotlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Turkiyaning “Elektr energetikasi bozori to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, neft sanoatini tartibga soluvchi EMRA mustaqil tashkilotining elektr energetikasi islohotlariga jalb qilinishi sohani samarali boshqarish hamda ta’minotda barqarorlikka erishishda muhim o‘rin egalladi.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA
yozib oldi