Mustahkam oila barpo etamiz
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan yosh oilalar oʻrtasida ajrimlarning oldini olishga qaratilgan Jamoatchilik kengashi yigʻilishi, ajrim yoqasida turgan oilalar uchun sayyor qabul oʻtkazildi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan yosh oilalar oʻrtasida ajrimlarning oldini olishga qaratilgan Jamoatchilik kengashi yigʻilishi, ajrim yoqasida turgan oilalar uchun sayyor qabul oʻtkazildi.
Mazkur yigʻilish Prezidentimizning 2019-yil 27-dekabr kuni Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda mamlakat yoshlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida berilgan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.
Jamoatchilik kengashi yigʻilishida Shayxontohur, Olmazor, Uchtepa tumanlaridan vakillar ishtirok etdi.
Taʼkidlanishicha, Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi tomonidan 2019-yil mobaynida “Oila muqaddas qoʻrgʻon”, “Mustahkam oila barpo etamiz”, “Qizlarni ijtimoiy psixologik holatini oʻrganish”, “Biz oila qurishga tayyormizmi?” kabi mavzularda ajrimlarni oldini olishga qaratilgan koʻplab tadbirlar amalga oshirildi va ularga yosh oilalar jalb qilindi.
Jamiyatda ayollarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hayotdagi rolini oshirish maqsadida yosh oilalardagi ijtimoiy-psixologik muammolar oʻrganilib, vakolat doirasida ularga koʻmaklashilib kelinmoqda.
Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan 840 ta yosh oila uy-joy bilan taʼminlandi.
Yigʻilish davomida hamkor tashkilotlar bilan tuzilishi rejalashtirilgan “Oilalar mustahkamligini taʼminlash borasida davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorlikdagi rolini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaror tuman mutaxassislariga tushuntirilib oʻtildi. Belgilangan vazifalar doirasida amalga oshiriladigan ishlar taqsimoti belgilab berildi. Oila muqaddasligini targʻib etish, yoshlarni oilaga tayyorlashga koʻmaklashuvchi “Faxriylar ibrati” maslahat kengashi tuzilib unga barcha mutasaddi tashkilotlar vakillari jalb qilinadigan boʻldi.
“Faxriylar ibrati” maslahat kengashiga Toshkent shahar xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Toshkent shahar kengashlari, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlimi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi boshqarmasi, diniy idora vakili tomonidan kengash aʼzoligiga namunali oila vakillarini jalb qilish koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi binosida ajrim yoqasida turgan yosh oilalar bilan sayyor uchrashuvlar tashkil etildi. Ularga “Farzand omonati” videofilmi qoʻyib berildi.
Poytaxtimizning Chilonzor, Yakkasaroy, Sirgʻali tumanlari yosh oilalari oʻrtasida ajrimlarning oldini olishga qaratilgan Jamoatchilik kengashi yigʻilishi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Zuhra SAIDOVA
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi
Toshkent shahar Kengashi bosh mutaxassisi.